Endi sport maktabi xodimlari 200 foizgacha ustama olishi mumkin

Endi sport maktabi xodimlari 200 foizgacha ustama olishi mumkin

Sport maktablari xodimlarini ragʻbatlantirishning yangi tizimi joriy etildi. Endilikda ommaviy sportni rivojlantirish, “Besh tashabbus olimpiadasi”dagi natijalar, sport sinovlari va iqtidorli sportchilarni seleksiya qilish koʻrsatkichlariga qarab ularga bazaviy tarif stavkasining 200 foizigacha har oylik ustama toʻlanadi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-iyuldagi 407-sonli “Sport maktablari faoliyatini tizimli tashkil etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori bilan sport maktablari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning yangi tartibi tasdiqlandi.

 

Qarorga muvofiq, ustamalar ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerlar hamda direktorning ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosarlari uchun belgilanadi.

Ustamalar toʻrtta asosiy yoʻnalish boʻyicha hisoblanadi: aholini ommaviy sport bilan qamrab olish, “Besh tashabbus olimpiadasi” va boshqa ommaviy sport musobaqalarida erishilgan natijalar, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sport sinovlari hamda sport maktablariga seleksiya qilingan iqtidorli yoshlar soni.

Ustamalar quyidagi mezonlar asosida belgilanadi:

 

Mezon Koʻrsatkich Trener-seleksioner Direktor oʻrinbosari
I. “Besh tashabbus olimpiadasi” va boshqa ommaviy sport musobaqalari bilan qamrab olingan aholi ulushi 26–30 % 2–10 % 2–10 %
31–35 % 12–20 % 12–20 %
36–40 % 22–30 % 22–30 %
41–45 % 32–40 % 32–40 %
46–50 % va undan yuqori 42–50 % 42–60 %
II. “Besh tashabbus olimpiadasi” va boshqa ommaviy sport musobaqalarida erishilgan natijalar (har bir sport turi uchun) Respublika bosqichi (1–3-oʻrin) 10 % 10 %
Hududiy bosqich (1–3-oʻrin) 5 % 5 %
Tuman (shahar) bosqichi (1–3-oʻrin) 2 %
III. Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash boʻyicha sport sinovlarida qamrab olingan aholi ulushi 6–10 % 2–10 % 2–10 %
11–15 % 12–20 % 12–20 %
16–20 % 23–35 % 23–35 %
21–25 % va undan yuqori 38–50 % 38–60 %
IV. Ommaviy sport musobaqalari va sport sinovlari orqali sport maktabiga seleksiya qilingan iqtidorli yoshlar soni 1–10 nafar 1–10 % 1–10 %
11–20 nafar 11–20 % 11–20 %
21–30 nafar 21–30 % 21–30 %
31–40 nafar 31–40 % 31–40 %
41–50 nafar va undan yuqori 41–50 % 41–60 %

 

Qarorda ustamalarni hisoblash tartibi ham alohida belgilangan. Jumladan, I va III boʻlimlarda ustamalar har bir qoʻshimcha koʻrsatkich uchun bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Masalan, 26 foiz qamrov uchun 2 foiz ustama berilsa, qamrov ortishi bilan ustama ham jadvalda koʻrsatilgan maksimal miqdorgacha oshiriladi.

 

II boʻlim, yaʼni “Besh tashabbus olimpiadasi” va boshqa ommaviy sport musobaqalaridagi natijalar uchun ustamalar har bir sport turi boʻyicha alohida hisoblanadi. Biroq ushbu yoʻnalish boʻyicha toʻlanadigan ustamaning umumiy miqdori 70 foizdan oshmasligi belgilangan.

 

IV boʻlim boʻyicha ustamalar sport maktabiga ommaviy sport musobaqalari va sport sinovlari orqali seleksiya qilingan iqtidorli yoshlar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda ustama seleksiya qilingan sportchi sport maktabida mashgʻulotlarni davom ettirayotgan davr uchun toʻlanadi va bir sportchi uchun maksimal 12 oy davomida hisoblanadi.

 

Qarorga muvofiq, ommaviy sport bilan qamrab olingan aholi soni hamda jismoniy tayyorgarlik sinovlarida ishtirok etgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlar “ERP Sport” elektron boshqaruv tizimida shakllantirilgan maʼlumotlar asosida aniqlanadi.

 

Shuningdek, ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerlarning ustamalari oʻzlariga biriktirilgan mahallalar kesimidagi natijalar asosida, direktor oʻrinbosarlarining ustamalari esa tuman (shahar) boʻyicha umumiy koʻrsatkichlardan kelib chiqib hisoblanadi.

 

Qayd etilishicha, barcha mezonlar boʻyicha hisoblangan ustamalarning jami miqdori bazaviy tarif stavkasining 200 foizidan oshmasligi lozim.

 

Avvalroq, mahallalarda sport to‘garaklari tashkil etgan trenerlar har oy rag‘batlantirilishi haqida xabar bergan edik.