HEMIS axborot tizimining yangi versiyasida oʻquv jarayonini boshqarishga oid bir qator funksiyalar yangilandi. Oʻzgarishlar oʻquv rejalari, bitiruvchilar hisobi va tizim monitoringi imkoniyatlarini qamrab oladi.
HEMIS axborot tizimining yangi versiyasida oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini samarali tashkil etish va boshqarishga xizmat qiluvchi qator funksional yangilanishlar amalga oshirildi.
Xususan, oʻquv reja semestrlariga fanlarni biriktirish tartibi qayta koʻrib chiqildi. Endilikda har bir semestrga 10 tadan ortiq fan qoʻshishga ruxsat berilmaydi. Shuningdek, oʻquv rejasidagi “Oʻqish muddati” va “Semestrlar soni” koʻrsatkichlarining oʻzaro hamda taʼlim darajasiga muvofiqligi avtomatik tarzda nazorat qilinadi.
Yangi versiyada quyidagi funksiyalar ham takomillashtirildi:
– DAK natijalari – DAK bayonnomasi shakllantirilgan va tasdiqlangan talabalarning natijalarini tizim orqali koʻrish imkoniyati yaratildi;
– Bitiruvchi statusi – endilikda faqat yuqori kursda tahsil olayotgan talabalarni bitiruvchi sifatida belgilash mumkin;
– Ijtimoiy faollik monitoringi – Rahbariyat, Registrator ofisi va Superadmin rollariga tyutorlarning ijtimoiy faollik mezonlarini tasdiqlash holatini kuzatish funksiyasi qoʻshildi.
Bundan tashqari, Rahbariyat, Registrator ofisi, Dekan va Superadmin foydalanuvchilari uchun asosiy dashboard sahifasi ham yangilandi. Endilikda ushbu sahifa orqali tizimda notoʻgʻri yuritilgan maʼlumotlar, aniqlangan kamchiliklar hamda kritik holatlar yuzasidan tezkor axborot olish imkoniyati yaratilgan.
Mazkur yangilanishlar HEMIS tizimidan foydalanish qulayligini oshirish, maʼlumotlar ishonchliligini taʼminlash hamda oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini boshqarish samaradorligiga xizmat qiladi.
Avvalroq, HEMIS Soliq qoʻmitasi bilan integratsiya qilingani haqida xabar bergan edik.
