TDYUda “Yurisprudensiya” yoʻnalishi boʻyicha 2- va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish tartibi tasdiqlandi

TDYUda “Yurisprudensiya” yoʻnalishi boʻyicha 2- va undan keyingi oliy ta’limga qabul qilish tartibi tasdiqlandi

Oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar TDYUning maxsus 3 yillik taʼlim dasturi doirasida test sinovlari asosida ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimga qabul qilish tartibi belgilandi.

 

Hukumatning 2026-yil 30-iyundagi 350-son qarori bilan “Oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarni Toshkent davlat yuridik universitetiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

 

Mazkur nizomga koʻra, oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar TDYUning maxsus 3 yillik taʼlim dasturi doirasida test sinovlari asosida ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim olish uchun “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishiga qabul qilinadi.

 

Abituriyentlar har yili 10-iyuldan 10-avgustga qadar (shu kuni ham) Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron tizimi orqali roʻyxatdan oʻtadi.

 

Oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishining faqat mutaxassislik fanlari va chet tili doirasida test jarayonlariga qatnashadi.

 

Bunda umumiy tartibdagi kirish imtihonlarida qoʻllaniladigan imtiyozlar (xorijiy tilni bilish boʻyicha sertifikatlar bundan mustasno) maxsus 3 yillik taʼlim dasturiga tatbiq etilmaydi.

 

Maʼlumot uchun: qabul TDYUning mavjud quvvatlari, moddiy-texnika bazasi, professor-oʻqituvchilari tarkibi hamda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari xususiyatidan kelib chiqib, qabul parametrlaridan tashqari kvota doirasida “yurisprudensiya” taʼlim yoʻnalishi va oʻqitishning kunduzgi, kechki, masofaviy taʼlim shakllarida tashkil etiladi.

 

Shuningdek, TDYUning magistraturasida oʻqish muddati “Yurisprudensiya” bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tamomlaganlar uchun 1 yilni, turdosh taʼlim yoʻnalishlarini tamomlaganlar uchun esa 2 yilni tashkil etadi.

 

Avvalroq, yurisprudensiya yoʻnalishlariga IQ test topshirish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi.