Kelgusi uch yilda kasbiy ta’lim tizimida 300 dan ortiq o‘quv dasturi xalqaro standartlarga moslashtiriladi, kamida 1 ming nafar o‘qituvchi va taʼlim ustalarining malakasi oshiriladi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamg‘armasidan 500 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Bugun, 22-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev xususiy kasbiy ta’limni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda kasbiy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha yangi takliflar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, kelgusi uch yil davomida xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritayotgan o‘quv va baholash markazlari sonini 50 tadan 200 taga yetkazish hamda xususiy kasbiy ta’lim bilan har yili 500 ming nafar aholini qamrab olish rejalashtirilgan. Hozirda bu ko‘rsatkich 45 ming nafarni tashkil etadi.
Shuningdek, 300 dan ortiq o‘quv dasturini xalqaro talablarga moslashtirish, kamida 1 ming nafar o‘qituvchi va ta’lim ustasining malakasini oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur maqsadlar uchun Bandlik jamg‘armasidan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Takliflarga ko‘ra, xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun zarur asbob-uskunalar va jihozlarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijiy mutaxassislar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha kreditlar ajratilishi, bino qurilishi va ta’miri hamda uskunalar xaridi uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 7 foizigacha qoplab berilishi rejalashtirilgan.
Xorijiy o‘qituvchi va mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, kasbiy malakani baholash uskunalari va dasturiy mahsulotlar xarajatlarining 30 foizi hamda xalqaro va milliy malaka sertifikatlari xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Shuningdek, yil yakunigacha xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlarini jihozlash dasturiga 100 million dollar jalb etiladi. Bitiruvchilar loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 5 million dollarlik “Venchur jamgʻarmasi” tashkil etiladi. Shu yildan boshlab har yili “kasb vaucheri” dasturi uchun 20 milliard soʻm ajratib boriladi.
Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, xususiy kasbiy taʼlimni rivojlantirish, oʻquv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, aholini talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish va tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
