Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Mang‘it shahridagi 36-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Diyora Olimboyeva ingliz tilidan B2, o‘zbek tili va adabiyotidan A, matematikadan B hamda tarixdan C+ darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
Diyoraning Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilishicha, u O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olib, chet tillari bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishni maqsad qilgan. Til o‘rganishga qiziqish esa maktab davridayoq shakllangan va u doim o‘z ustida ishlashga intilib kelgan.
“Men maktab davrida doimo o‘qishga, o‘z ustimda ishlashga va yangi bilimlarni egallashga intildim. Til o‘rganishga qiziqaman. Bugungi natijalarim ortida tinimsiz mehnat, qat’iyat hamda ota-onam va ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi turibdi”, — deydi u.
Milliy sertifikatlar olish g‘oyasi Diyorada avvalo o‘z bilimini sinab ko‘rish va mustaqil baholash istagi sifatida paydo bo‘lgan.
“Men har doim o‘zimga yuqori maqsadlar qo‘yishni yaxshi ko‘raman. Milliy sertifikat nafaqat oliygohga kirishda imkoniyat yaratadi, balki o‘quvchining bilim darajasi va mehnatini ham namoyon etadi”, — deydi Diyora.
Tayyorgarlik jarayoni uzoq va mas’uliyatli kechgan. O‘quvchi har kuni ma’lum vaqtini dars qilishga ajratib, testlar ishlash va xatolar ustida ishlashga alohida e’tibor qaratgan.
“Ayniqsa, xatolarni tahlil qilish menga katta tajriba berdi. Ba’zan charchoq yoki qiyinchiliklar bo‘ldi, lekin maqsadimni eslab, harakatni davom ettirdim. Menimcha, muvaffaqiyat bir kunda kelmaydi. U har kuni qilingan kichik harakatlar, intizom va sabrning natijasidir”, — deydi u.
Diyoraning fikricha, har bir fan o‘ziga xos murakkablikka ega bo‘lib, natija ko‘proq qiziqish va munosabatga bog‘liq.
“Men uchun ingliz tili qiziq bo‘lgani uchun uni o‘rganish osonroq kechdi. Fanlarning oson yoki qiyinligi ularga bo‘lgan munosabatimizga bog‘liq”, — deydi u.
U natijalarni kutgan bo‘lsa-da, baribir imtihon natijalari kutilmagan hissiyot uyg‘otganini aytadi.
“Natijalarni ko‘rganimda juda hayajonlandim va xursand bo‘ldim. Eng avvalo, ota-onamning quvonchi meni baxtli qildi. Chunki bu yutuq faqat meniki emas, balki menga ishongan, qo‘llab-quvvatlagan ota-onam va ustozlarimning ham yutug‘i deb hisoblayman”, — deydi Diyora.
Tayyorgarlik jarayonida eng katta qiyinchilik sifatida vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va intizomni saqlash ko‘rsatiladi. Maktab darslari bilan birga sertifikatga tayyorgarlik olib borish har kuni aniq reja talab qilgan.
“Darslar bilan birga tayyorgarlikni olib borish oson emas edi. Maktabdan keyin dam olish va tayyorgarlik vaqtlarini oldindan rejalashtirib olardim. Har kuni oz bo‘lsa ham muntazam shug‘ullanishga e’tibor berdim. Imkon qadar kunlik rejamga amal qilishga harakat qildim. Albatta, ba’zi kunlari charchoq yoki vaqt yetishmasligi ham bo‘lardi. Lekin maqsadimni eslab, o‘zimni yana harakat qilishga undardim. Shuni anglab yetdimki, vaqt hamma uchun bir xil beriladi, farq esa uni qanday sarflashimizda”, — deydi u.
Diyora uchun eng samarali usul test ishlash va xatolar ustida ishlash bo‘lgan. Shuningdek, konspektlar tayyorlash va video darslar orqali mustaqil o‘rganish ham natijaga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
“Har bir noto‘g‘ri javobni yangi imkoniyat sifatida ko‘rib, o‘sha mavzularni qayta o‘rganishga harakat qildim”, — deydi Diyora.
Uning aytishicha, qiyin paytlarda maqsadni eslab qolish muhim rol o‘ynagan. Shubha yoki charchoq paytlarida ham u o‘z harakatini to‘xtatmagan.
“Ba’zan charchoq va shubha bo‘lardi. Bunday paytlarda men o‘zimga bir savol berardim: “Nega bu yo‘lni tanladim?” Shu savol menga maqsadlarimni yana bir bor eslatardi. Menimcha, psixologik tayyorgarlik bilim kabi muhim. Chunki bilimli bo‘lishning o‘zi yetarli emas, imtihon paytida o‘zingizni boshqara olish, hayajonni yenga olish va o‘zingizga ishonishingiz ham juda katta ahamiyatga ega”, — deydi u.
Telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ham nazorat ostida bo‘lgan. U texnologiyani butunlay cheklash emas, balki uni o‘qishga yo‘naltirish muhimligini ta’kidlaydi.
“Telefonni butunlay chetga surib qo‘ymadim. Undan video darslar ko‘rish, testlar ishlash, kerakli ma’lumotlarni topish va yangi bilimlarni o‘rganish uchun ham foydalandim. Ya’ni telefonni maqsadlarimga xizmat qildirishga harakat qildim. Menimcha, texnologiya bizni boshqarmasligi kerak, aksincha biz texnologiyani boshqarishni o‘rganishimiz kerak”, — deydi Diyora.
Diyora tengdoshlariga o‘z ustida ishlash, intizom va sabrni eng muhim omil sifatida ko‘rsatadi. Uning fikricha, natija emas, jarayon ustida ishlash insonni maqsadga yetaklaydi.
“Avvalo o‘zingizga ishoning. Natijani emas, jarayonni seving. Har kuni oz bo‘lsa ham oldinga harakat qiling. Har bir xato sizni maqsadga yaqinlashtiradi. Muhimi, o‘sha xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarishdir.Yana bir muhim maslahat — o‘zingizni boshqalar bilan solishtirmang. Har kimning o‘z yo‘li, o‘z sur’ati va o‘z vaqti bor. Bugungi siz kechagi sizdan yaxshiroq bo‘lsangiz, bu ham katta yutuqdir”, — deydi u.
Shuningdek, u tengdoshlariga ota-onaning qo‘llab-quvvatlashi va ustozlar mehnatini qadrlash, orzudan voz kechmaslik muhimligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, mehnat bilan erishilgan yutuqning qadri va zavqi ham boshqacha bo‘ladi.
Bugun Diyora o‘z maqsadlari sari harakatni davom ettirmoqda va ingliz tilini yanada chuqur o‘rganish hamda kelajakda xalqaro darajada faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq, Malayziyaning ikki universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilingan qoraqalpog‘istonlik o‘quvchi bilan suhbat qilgan edik.
