Jizzaxda talaba yigit qizning rasmlarini tarqatish bilan tahdid qilib, 10 mln so‘m talab qildi

Jizzaxda talaba yigit qizning rasmlarini tarqatish bilan tahdid qilib, 10 mln so‘m talab qildi

Jizzax viloyatida oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil oluvchi talaba yigit qizning shaxsiy foto va videomateriallarini tarqatish bilan tahdid qilib, evaziga 10 mln so‘m talab qilganlikda gumonlanib qo‘lga olingan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil oluvchi talaba qo‘lga olindi.

 

Viloyat IIBB ma’lumotiga ko‘ra, Jizzax shahrining Toshloq mahallasida yashovchi fuqaro ichki ishlar organlariga murojaat qilib, farzandiga nisbatan noqonuniy harakat sodir etgan shaxsga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

 

Aniqlanishicha, Jizzax shahrining Obod mahallasida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan talaba arizachining farzandiga tegishli bo‘lgan shaxsiy hamda oshkor etilishi mumkin bo‘lmagan foto va videotasvirlarni qo‘lga kiritgan.

 

Gumonlanuvchi ushbu materiallarni jabrlanuvchining yaqinlari va tanishlariga tarqatish bilan tahdid qilib, ularni oshkor etmaslik evaziga 10 mln so‘m talab qilgan.

 

Jizzax viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda talaba talab qilingan pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.