Toshkent shahridagi 275-sonli maktabda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida yuz bergan janjal bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Holat oqibatida o‘quvchi shifoxonaga murojaat qilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 275-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi o‘quvchiga kuch ishlatgani aks etgan videolavha tarqalgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat 19-may kuni sodir bo‘lgan. 2010-yilda tug‘ilgan o‘quvchi R.R. hamda shu maktabning 2002-yilda tug‘ilgan o‘qituvchisi Z.O. o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan.
Aniqlanishicha, o‘quvchi dars jarayonida o‘qituvchi tomonidan berilgan ko‘rsatmani bajarmagan hamda mashg‘ulot o‘tishiga xalaqit bergan. Janjal davomida o‘qituvchi o‘quvchiga tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng jabrlanuvchi tibbiy yordam olish uchun shifoxonaga murojaat qilgan.
Holat yuzasidan o‘qituvchi Z.O.ga nisbatan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ham holat yuzasidan ishchi guruh tuzilganini hamda barcha aybdorlarga qonun doirasida chora ko‘rilishini ma’lum qilgan edi.
‘‘Maktab ichki qoidalariga rioya etmagan hamda mazkur holatga javobgar barcha shaxslarga nisbatan tegishli tartibda qonun doirasida chora ko’riladi’’, — deyiladi boshqarma munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi 16-sonli umumtaʼlim maktabi direktori oʻquvchini “samosud” qilgani haqida tarqalgan edi.
