Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga topshirilgan hujjatda kamchilik aniqlansa qanday chora koʻriladi?

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga topshirilgan hujjatda kamchilik aniqlansa qanday chora koʻriladi?

Bugundan Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga hujjat qabul qilish boshlandi. Talabgorlar hujjatlarni uyda onlayn tarzda yoki maktablardagi Murojaatlar markazlari orqali topshirishi mumkin. Topshirilgan hujjatlar ishchi guruh tomonidan 24 soat ichida ko‘rib chiqiladi va kamchiliklar aniqlangan hollarda tahrirlash imkoniyati beriladi, soxta yoki noto‘g‘ri hujjatlar esa rad etiladi.

 

Xabar berganimizdek, bugundan Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga hujjatlar qabuli boshlanadi.

 

Agentlik tizimidagi maktablarga va milliy dasturga hujjatlar maktabga borib topshiriladimi yoki onlayn shaklda topshiriladimi?

 

Talabgorning ota-onasi (yoki qonuniy vakili) uyda oʻtirgan holda hujjat topshirishlari mumkin.

 

Bunda hujjatlar onlayn shaklda:

 

ariza.piima.uz onlayn sahifasi;

 

my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.

 

Agar talabgorlar hujjat topshirishda muammo yoki qiyinchiliklarga duch kelsalar, yaqin atrofdagi Agentlik tizimiga tegishli maktablardan biriga tashrif buyurib, u yerda tashkil etilgan Murojaatlar markazi xodimlari yordamida hujjat topshirishlari mumkin.

 

Topshirilgan hujjatlarda kamchilik aniqlanganda (masalan, adashib boshqa shaxsning maʼlumotlari yuklanganda) qanday choralar koʻriladi?

 

Hujjatlar topshirilgandan soʻng:

 

– ishchi guruh tomonidan 24 soat ichida koʻrib chiqiladi;

 

– bu vaqtda hujjatlar qabul qilinganligi, tahrirlashga yuborilganligi yoki rad etilganligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi.

 

Quyidagi kamchiliklar aniqlanganda hujjatlar tahrirlashga yuboriladi:

 

– talab etilgan hujjatlar toʻliq boʻlmaganda;

 

– taqdim etilgan hujjatlardagi yoki muhrdagi yozuvlar oʻqib boʻlmaydigan darajada xira boʻlsa.

 

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga hujjatlarni qabul qilish muddati tugagunga qadar ruxsat beriladi.

 

Quyidagi hollarda oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish rad etiladi:

 

– hujjatlar qabuli yakunlanganidan keyin kirish imtihonida ishtirok etish istagi bildirilganda;

 

– taqdim etilgan hujjatlarning soxtaligi aniqlanganda;

 

– umumiy oʻrta taʼlim muassasasining tegishli sinfida oʻqishni toʻliq tamomlagan oʻquvchilar tomonidan Agentlik tizimidagi maktabning shu sinfida takroran oʻqish istagi bildirilganda;

 

– Prezident maktabiga hujjat topshirgan oʻquvchi matematika yoki tabiatshunoslik fanlaridan yillik “aʼlo” baholar olmaganda;

 

– Prezident maktabiga hujjat topshirgan oʻquvchi chet el fuqarosi boʻlganda.

 

Hujjatlarni belgilangan muddatlarda toʻgʻri va sifatli taqdim etish boʻyicha masʼuliyat oʻquvchilarning ota-onasi yoki qonuniy vakili zimmasida boʻladi.

 

Eslatib oʻtamiz, qoʻshimcha maʼlumotlar uchun — Call-markazning 1206 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

 

Avvalroq, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi qabulda o‘quvchilar boshqa viloyatdagi qaysi maktablarga hujjat topshirishi mumkinligi haqida xabar bergan edik