Ayrim harbiy-sport musobaqalari g‘oliblariga harbiy OTMga kirishda qo‘shimcha ball berish rejalashtirilmoqda

Ayrim harbiy-sport musobaqalari g‘oliblariga harbiy OTMga kirishda qo‘shimcha ball berish rejalashtirilmoqda

“Vatan tayanchi” harakati a’zolari hamda “Vatanparvarlar” va “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalari g‘oliblariga harbiy OTMlarga kirishda qo‘shimcha ball berilishi rejalashtirilmoqda.

 

Muhokamalar portaliga Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolari hamda “Shijoat va gʻayrat” musobaqalari gʻoliblariga imtiyozli tavsiyanomalar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida nizom loyihasi joylashtirildi.

 

Loyihaga ko‘ra, “Vatan tayanchi” harakatining faoliyatida faol ishtirok etgan taʼlim tashkilotlarini a’lo baholar bilan tamomlagan “Vatan tayanchi” otryadlarining bir nafar aʻzosiga hamda “Vatan tayanchi” harakatining “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi va mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqasining respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan jamoa a’zolariga Mudofaa vazirligi tomonidan imtiyozli tavsiyanoma beriladi.

 

Tavsiyanomaga ega bo‘lganlarga test sinovlari natijalariga koʻra oʻzlari toʻplagan ballning 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi. Mazkur tavsiyanoma berilgan sanadan boshlab uch yil davomida amal qiladi.

 

Shuningdek, ‘‘Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari taʼlim tashkilotlaridagi oʻquv fanlarini oʻzlashtirish darajasi, fan va sport olimpiadalarida erishgan natijalari, kitobxonlik darajasi va tanlovlardagi ishtiroki, “Vatan tayanchi” harakati faoliyati doirasida tashkil etiladigan tanlovlar, musobaqalar, konferensiyalar, ommaviy va vatanparvarlik tadbirlaridagi ishtiroki koʻrsatkichlari boʻyicha baholanib boriladi.

 

Taʼlim tashkilotlaridagi sinf jurnallari va “kundalik.com” raqamli taʼlim platformasida “Vatan tayanchi” otryadi a’zolariga oʻquv fanlaridan qoʻyilgan baholar uning yakuniy oʻrtacha koʻrsatkichini hisoblab chiqarish uchun asos boʻladi.

 

Sinf jurnallari va “kundalik.com” raqamli ta’lim platformasida qayd qilingan baholar “Vatan tayanchi” otryadi rahbari tomonidan alohida jadvalga kiritilib, chorak hamda yillik (yakuniy) oʻrtacha koʻrsatkichi hisoblab chiqariladi.

 

Umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 4,0 dan yuqori bo‘lgan o‘quvchilarga quyidagi tartibda ball berilishi belgilangan:

 

— 4.dan 4,3 gacha — 10 ball;

— 4.4 dan 4,7 gacha — 15 ball;

— 4.8 dan 5,0 gacha — 20 ball.

 

Oʻquv fanlaridan qoʻyilgan baholarning yakuniy oʻrtacha koʻrsatkichi 4,0 dan past boʻlgan oʻquvchilarga ball berilmaydi.

 

Otryad a’zolarning oʻquv yili yakuni boʻyicha oʻzlashtirgan ballari teng boʻlgan taqdirda, ishchi guruh qaroriga muvofiq harbiylik kasbiga qiziqish bildirgan, “Vatan tayanchi” harakati aʻzolarining fan va sportning turli yoʻnalishlarida qoʻlga kiritgan natijalari hamda innovatsiyalar loyihasini yaratish faoliyatidagi yutuqlari (respublika bosqichidagi 1,2,3- oʻrinlar) inobatga olingan holda tavsiyanoma beriladi.