Maktab remonti uchun ota-onalardan pul yigʻilgani rostmi? Yana ikki viloyatdagi holatlar yuzasidan izoh berildi

Maktab remonti uchun ota-onalardan pul yigʻilgani rostmi?  Yana ikki viloyatdagi holatlar yuzasidan izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi ayrim maktablarda taʼmirlash ishlari uchun ota-onalardan pul yigʻilayotgani haqida tarqalgan xabarlar jamoatchilik eʼtiborini tortdi. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari rasmiy izoh berib, barcha murojaatlar oʻrganilgani, ayrim iddaolar tasdiqlanmagani maʼlum boʻldi.

 

Xabar berganimizdek, joriy yilning 21-aprel kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri maktab remonti masalasi mahalliy budjetga borib taqalishi va bu hokimliklar vakolatiga kirishini aytgan edi.

 

Vazir Eʼzoza Karimova maktablarni taʼmirlash uchun ota-onalardan pul yigʻish amaliyoti qonunchilikda nazarda tutilmaganini taʼkidlab:

 

“Maktabning taʼmiriga ota-onadan pul yigʻish belgilanmagan. Remontga pul yigʻishga qatʼiy qarshimiz. Chunki maktablarimizni taʼmirdan chiqarish yoki kapital remont qilish va hokazo masalalar mahalliy byudjet mablagʻlariga borib taqaladi, bu hokimliklar vakolatiga kiradi”, — degan edi.

 

Ammo ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda remont uchun ota-onalardan pul yigʻilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

 

Xususan, 11-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Xiva tumanidagi 30-sonli umumtaʼlim maktabida taʼmir ishlari uchun oʻquvchilar ota-onalaridan pul yigʻilayotgani aytilgan.

 

Holat yuzasidan viloyat MMTB tomonidan rasmiy munosabat berildi.

 

Maʼlum qilinishicha, tarqalgan xabar yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilgan. 2026-yil 15-aprel kuni oʻtkazilgan yigʻilishda mazkur holat atroflicha muhokama qilinib, ishtirok etgan ota-onalar tomonidan ushbu maʼlumotlar tasdiqlanmagan. Xususan, murojaatga sabab boʻlgan holat notoʻgʻri tushunish natijasida yuzaga kelgani maʼlum qilingan.

 

“Oʻtkazilgan soʻrovnomalar natijalariga koʻra, maktabda ota-onalardan turli bahonalar bilan pul yigʻish, shuningdek, korrupsiyaviy holatlar mavjud emasligi qayd etildi.

Shu bilan birga, taʼlim muassasasida korrupsiyaning oldini olish, qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilish hamda profilaktika ishlarini kuchaytirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi”, — deydi rasmiylar.

 

Shuningdek, Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan bu kabi holatlarning oldini olish doimiy nazoratga olingani taʼkidlangan.

 

Xuddi shunday holat Toshkent viloyati Olmaliq tumanidagi 4-sonli umumtaʼlim maktabida kuzatilgani aytilgan xabarlar ham tarqaldi.

 

Viloyat MMTB bergan rasmiy munosabatga koʻra, mazkur holat vakolatli organ — viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan oʻrganib chiqilgan va nazoratga olingan.

 

Oʻrganishlar davomida taʼlim muassasasi rahbariyati hamda pedagog xodimlar bilan tegishli tushuntirish ishlari olib borilgan.

 

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda amaldagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, davlat umumtaʼlim muassasalarida oʻquvchilardan majburiy pul mablagʻlarini yigʻish qatʼiyan taqiqlanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli normalariga asosan, har bir fuqaroga bepul umumiy oʻrta taʼlim olish huquqi kafolatlangan.

 

Shu bilan birga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiq, taʼlim muassasalarida noqonuniy mablagʻ yigʻish holatlari aniqlangan taqdirda, aybdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrilishi taʼkidlangan.

 

“Eslatib oʻtamiz, taʼlim muassasalarida har qanday majburiy pul yigʻimlari noqonuniy hisoblanadi va bunday holatlarga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar fuqarolar tomonidan shu kabi holatlar kuzatilsa, vakolatli davlat organlariga murojaat qilishlari soʻraladi” — deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mazkur masala yuzasidan doimiy nazoratni taʼminlashini maʼlum qilgan.

 

Shu munosabat bilan ota-onalar va keng jamoatchilikdan pul yigʻish holatlariga duch kelganda darhol tegishli tashkilotlarga yoki vazirlikning (71) 202-09-09 ishonch raqamiga murojaat qilishlari soʻraladi.

 

Avvalroq, Samarqandda maktablarni ta’mirlash uchun ota-onalardan pul yig‘ilayotgani haqida xabar bergan edik.