Prezident maktabi va Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatida darslar qaysi tilda olib boriladi?

Prezident maktabi va Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatida darslar qaysi tilda olib boriladi?

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Prezident maktablari hamda Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatida ta’lim jarayoni fanlar kesimida turli tillarda olib boriladi.

 

Xususan, Prezident maktablarida:

 

— STEM yo‘nalishidagi fanlar — matematika, fizika, kimyo, biologiya, kompyuter ta’limi, zamonaviy yondashuv hamda tabiiy fanlar ingliz tilida o‘qitiladi;

 

— Umumta’lim fanlari, jumladan ona tili, tarix, geografiya, tarbiya, san’at, jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik, musiqa va madaniyat esa o‘zbek tilida olib boriladi.

 

Shuningdek, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatda esa:

 

— IB (International Baccalaureate) dasturiga kiruvchi fanlar — ingliz tili, xalqaro siyosat, biznes menejment, iqtisodiyot, kimyo, biologiya, fizika, matematika va kompyuter ta’limi ingliz tilida o‘qitiladi;

 

— Umumta’lim fanlari, xususan O‘zbekiston tarixi, tarbiya, jismoniy tarbiya, o‘zbek tili va adabiyoti o‘zbek tilida olib boriladi.

 

Ma’lumot uchun, Prezident maktablariga o‘quvchilar 5-sinfdan, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga esa 9-sinfdan qabul qilinadi.

 

Shuningdek, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga 2026/2027-o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 15-maydan 4-iyunga qadar ONLAYN shaklda my.gov.uz hamda ariza.piima.uz saytlari orqali amalga oshiriladi.

 

Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatiga quyidagi hujjatlar talab etiladi:

 

– oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurat;

 

– tug‘ilganlik haqida guvohnoma (metrika);

 

– ota-onasi (qonuniy vakili)ning fuqarolik pasporti (ID-kartasi) ma’lumotlari;

 

– bog‘lanish uchun telefon raqamlari.

 

Avvalroq, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan, sport, muhandislik, jasorat maktablari hamda Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatlarga qabul imtihoni materiallari spetsifikatsiyasi e’lon qilinganligi haqida xabar bergan edik.