“Ingliz tilidan B2 darajani zabt etgan 8 yoshli Akbaralini topdim” — vazir Eʼzoza Karimova

“Ingliz tilidan B2 darajani zabt etgan 8 yoshli Akbaralini topdim” — vazir Eʼzoza Karimova

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova 8 yoshida B2 sertifikatni qoʻlga kiritgan oʻquvchi bilan uchrashdi.

 

30-aprel kuni vazir Eʼzoza Karimova Buxoro viloyatiga tashrif buyurib, shu hududdagi taʼlim maskanlarining sharoitlarini oʻrgandi.

 

Olot tumaniga boʻlgan tashrifda 2-maktabning 2-sinf oʻquvchisi Asadov Akbarali bilan ham uchrashib, esdalik sovgʻalar bilan taqdirlagan. Bu haqda oʻzining telegramdagi sahifasida maʼlum qildi.

 

«Akbarali menda juda katta taassurot qoldirdi. Atigi sakkiz yoshda boʻlishiga qaramay, Akbaralining ingliz tili boʻyicha xalqaro B2 darajadagi sertifikatni qoʻlga kiritgani chinakamiga havas qilarli natijadir. Tuman hokimi Nargiza Ne’matova bilan birga ushbu iqtidorli oʻquvchimizni munosib taqdirladik.

Ushbu muvaffaqiyat ortida ota-onaning toʻgʻri yoʻnaltirishi va ikki yarim yillik tinimsiz mehnat yotibdi. Akbarali nafaqat tilda, balki aniq fanlarda ham ilgʻor boʻlib, mental arifmetika boʻyicha viloyatda birinchi oʻrinni egallagan. Uning ingliz tilidan soʻng endigi maqsadini matematikani yanada chuqur oʻrganishga qaratgani barchamizni quvontirdi. Akbarali kabi bilimga chanqoq oʻquvchilarimizning yutuqlari shuni koʻrsatadiki, xohish va toʻgʻri muhit boʻlsa, bilim olishda hech qanday chegara yoʻq», — deydi vazir.

 

Eslatma oʻrnida shuni aytib oʻtish joizki, 21-aprel kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan OAV ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida vazir Eʼzoza Karimova chet tilidan sertifikat olmagan va bundan norozi boʻlgan pedagoglarni tanqid qilgan edi.

 

Vazir 2-sinf oʻquvchilari chet tilidan B2 va unda yuqori natijalar qayd etayotgan bir paytda shu fandan dars berayotgan oʻqituvchilarning sertifikat ololmayotganini keskin tanqid qilgan edi.

 

Shuningdek, bundan keyin sertifikat talabiga qatʼiy turilishi va sertifikat olmagan pedagoglarni ishdan boʻshatish va ishga qabul qilmaslik tartibiga oʻtilishini maʼlum qildi.