Attestatsiya jarayonidagi e’tirozlar, murakkab savollar va pullik testlar masalasi yuzasidan izoh berildi

Attestatsiya jarayonidagi e’tirozlar, murakkab savollar va pullik testlar masalasi yuzasidan izoh berildi

Kecha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida attestatsiya jarayonlari yuzasidan bildirilgan e’tirozlar, test topshiriqlarining murakkabligi va dasturga mosligi bilan bog‘liq savollarga izoh berildi. Unda sinov.uz platformasidagi pullik test bloklari pedagoglar taklifiga asosan joriy etilgani, biroq jamoatchilik muhokamalaridan so‘ng to‘xtatilgani, attestatsiya savollari esa tasdiqlangan spetsifikatsiya asosida tuzilayotgani ta’kidlandi.

 

Matbuot anjumanida sinov.uz platformasidagi ilgari joriy etilgan pullik test bloklarining nima sababdan yoʻlga qoʻyilgani va keyinchalik nima uchun toʻxtatilgani, shuningdek, attestatsiya sinovlarida tushayotgan test topshiriqlarining murakkabligi hamda ularning oʻquv dasturiga mosligi yuzasidan savollar berildi.

 

Shuningdek, avvalgi yillarda ona tili va adabiyot fani boʻyicha boʻlib oʻtgan sud jarayonlarida oʻqituvchilar tomonidan attestatsiya testlarini taqdim etish soʻralgan boʻlsada, mazkur testlar berilmagani, ularning maxfiyligi taʼkidlanganiga qaramay, keyinchalik ayrim test materiallari ommaviy muomalaga chiqib ketgani holatlari ham tilga olindi.

 

Ayni damda oʻtkazilayotgan attestatsiya jarayonlarida esa boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilariga “tengsizlik” kabi ayrim mavzular doirasida savollar tushgani, yaʼni dasturga toʻliq mos kelmaydigan yoki murakkab deb baholangan topshiriqlar uchrayotgani qayd etildi.

 

Mazkur savollarga javoban Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Davidova Dilrabo ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchilari tomonidan test bazasini toʻliq berish talabi qoʻyilgani, biroq bu amaliy jihatdan imkonsiz ekani tushuntirilganini maʼlum qildi.

 

“Oldingi yil ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchilari bilan boʻlgan vaziyatda biz har bir variantni muhokama qilib chiqqanmiz. Shundan soʻng ular bizdan butun test bazasini soʻrashdi. Biz esa butun bazani taqdim etish va tahlil qilish imkonsizligini tushuntirganmiz”, — dedi u.

 

Markaz direktori taʼkidlashicha, sinov.uz platformasida har attestatsiya jarayoni uchun ishlab chiqiladigan spetsifikatsiya asosida ishlab chiqiladigan pedagoglar uchun bepul diagnostik testlar taqdim etilgan. Shuningdek, mazkur platformada pedagoglarning taklif va murojaatlaridan kelib chiqib, toifa tizimi uchun ishlab chiqilgan savollarga oʻxshash shakldagi pullik test bloklari ham joriy etilgan.

 

“Pedagoglarimizning takliflaridan kelib chiqib, yil davomida oʻz bilimini sinab borish maqsadida, toifa bazasidagi testlardan emas, balki ularga oʻxshash tarzda tuzilgan pullik bloklar yoʻlga qoʻyilgan edi”, — deya taʼkidladi Davidova Dilrabo.

 

Keyinchalik ushbu amaliyot jamoatchilik muhokamalariga sabab boʻlgani uchun toʻxtatilgani bildirildi.

 

Shuningdek, attestatsiya test topshiriqlari tasdiqlangan spetsifikatsiya asosida tuzilishi, ayrim bahsli savollar esa pedagoglar foydasiga hal etilib, qoʻshimcha ball berilgan holatlar ham bo‘lganligi qayd etildi.

 

Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari bilan bog‘liq ayrim savollar ham ko‘tarildi. Xususan, “tengsizliklar” mavzusiga doir topshiriqlar yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.

 

Markaz direktori mazkur mavzu o‘quv dasturida mavjud bo‘lib, 2-sinf hamda 6-sinf matematika darsliklarida o‘qitilishini ta’kidladi.

 

“Bu mavzu dasturda bor. Uni faqat boshlang‘ich daraja bilan cheklash to‘g‘ri emas. Biz bugun o‘qituvchidan faqat nazariy bilim emas, balki uni amalda qo‘llay oladigan mutaxassisni ko‘rmoqdamiz. U o‘z fanining mantig‘ini tushunadigan, bilimni turli vaziyatlarda qo‘llay oladigan bo‘lishi kerak”, — dedi u.

 

Kimyo fani oʻqituvchilarining eʼtirozlariga ham toʻxtalib oʻtildi. Unga koʻra, ayrim savollar 7–8-sinf darsliklaridagi “diffuziya” va “kristall panjara” kabi mavzular doirasida berilgan boʻlib, bu holat fan doirasidagi bilimni amalda qoʻllashni baholashga qaratilgani taʼkidlandi.

 

“Ustozlar faqat nazariy bilim bilan cheklanib qolmasdan, oʻz bilimini turli vaziyatlarda qoʻllay oladimi degan maqsadda berganmiz. O‘qituvchi o‘z ustida ishlab, shu ko’nikmalarni o‘zida rivojlantirsa, ertaga maktabda o‘quvchiga qiziqarli dars o‘tib bera olishi mumkin”, — dedi Davidova Dilrabo.

 

Eslatib o‘tamiz: Mazkur matbuot anjumanida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ovqatlantirish tizimi va nodavlat bog‘chalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilingan edi. Bundan tashqari, o‘qituvchilar oyligi, ustamalar va malaka talablari yuzasidan muhim ma’lumotlar ma’lum qilingan.