‘‘Bog‘chalarda ovqatlantirish tizimi bo‘yicha yangi qaror loyihasi tayyorlamoqdamiz’’ — vazir

‘‘Bog‘chalarda ovqatlantirish tizimi bo‘yicha yangi qaror loyihasi tayyorlamoqdamiz’’ — vazir

Kecha, 21-aprel kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ovqatlantirish tizimi va nodavlat bog‘chalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.

 

Anjumanda vazir E’zoza Karimova ayni vaqtda 29 196 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 1 440 ta xususiy bog‘chalar hamda 750 ta xususiy maktablar faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.

 

Xususan, u 2025-yilda 1 187 ta yangi oilaviy bog‘cha tashkil etilganini qayd etdi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda 25 mingdan ortiq nodavlat bog‘chalarga davlat byudjetidan 3,9 trillion so‘m subsidiyalar ajratilgan.

 

“Joriy yilda ham ushbu tashkilotlarni subsidiya bilan ta’minlash xarajatlariga jami 4,7 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Yil yakuniga qadar, asosan kambag‘allik darajasi yuqori va qamrov past hududlarda 2 mingdan ortiq oilaviy bog‘chalar tashkil etishni rejalashtirganmiz”, — dedi vazir.

 

“Bog‘chalarda yagona mavsumiy taomnoma joriy etilgan”

 

Vazirning ta’kidlashicha, davlat bog‘chalarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-yanvardagi 1-son qarori asosida Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan birgalikda mavsumlar kesimida yagona mavsumiy taomnoma tasdiqlangan.

 

Bundan tashqari, joriy yilda oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha bozor narxlari asosida har bir tarbiyalanuvchi uchun mavsumlar kesimida alohida narxlar shakllantirilib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

 

Xalqaro tajriba o‘rganilmoqda

 

2025-yilda Jizzaxda 37 nafar bogʻcha bolalari hamda Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi bog‘chalarda bolalar ovqatdan zaharlangani haqida xabar berilgandi.

 

Mazkur holatlar qaytarilmasligi uchun va ularni bartaraf etish bo‘yicha vazirlik tomonidan ishchi guruh tuzilgan.

 

“O‘tgan davr mobaynida Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida ovqatlantirish tizimida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida vazirlik tomonidan tegishli hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda ishchi guruh shakllantirilib, MDH davlatlari va Yaponiya tajribalarini o‘rganish uchun yuborildi.

Hozirda shu o‘rganish natijalari bo‘yicha bog‘chalarda sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli qaror loyihasini tayyorlamoqdamiz”, — dedi vazir.

 

Avvalroq, chekka hududlardagi tarbiyachilar uchun dual ta’limda o‘qishda qo‘shimcha imkoniyat berilishi haqida to‘xtalib o‘tilgandi.