O‘z ustida ishlayotgan o‘qituvchi bugun oshirilgan maoshni olyapti — Eʼzoza Karimova

O‘z ustida ishlayotgan o‘qituvchi bugun oshirilgan maoshni olyapti — Eʼzoza Karimova

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘qituvchilar oyligi, ustamalar va malaka talablari yuzasidan muhim ma’lumotlar ma’lum qilindi.

 

Qayd etilishicha, so‘nggi 10 yil ichida maktab o‘qituvchilarining oylik maoshi qariyb 3 barobarga oshgan. Agar avval o‘rtacha oylik 1,5 million so‘m atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda pedagoglarning bazaviy tarif stavkasi 5 143 717 so‘mni tashkil etmoqda.

 

Shuningdek, o‘qituvchilarning toifasi, ish staji, mehnat samaradorligi va ilmiy faoliyatiga qarab qo‘shimcha ustamalar berish tizimi joriy etilgan.

 

2026-yil holatiga ko‘ra, 24 mingdan ortiq pedagog ushbu tizim asosida 10 milliondan 20 million so‘mgacha maosh olmoqda.

 

Matbuot anjumanida vazir Eʼzoza Karimova o‘qituvchilar daromadidagi o‘sish ularning o‘z ustida ishlashi bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidladi.

 

“Bugun o‘z ustida ishlayotgan o‘qituvchi oshirilgan maoshni olyapti. U 70 foizlik ustamani, toifa uchun beriladigan ustamani hamda 40 foizlik ustamani olmoqda”, — dedi vazir.

 

Shu bilan birga, vazir o‘qituvchilar va vazirlar maoshi o‘rtasidagi tafovut borligini tan olib, bu masala ustida ishlar olib borilayotganini, biroq oylikni oshirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirlik vakolatiga kirmasligini bildirdi.

 

Shuningdek, vazir xorijiy til o‘qituvchilariga qo‘yilayotgan talablar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Vazirning ta’kidlashicha, ingliz tili o‘qituvchilari uchun CEFR B2 darajasidagi sertifikat talabi sifatni oshirishga qaratilgan.

 

“Yaqinda Navoiyda 2-sinf o‘quvchisi B2 sertifikatini oldi. Shunday ekan, o‘sha maktabda dars berayotgan o‘qituvchi nega bu darajaga ega bo‘lmasligi kerak?” — dedi u.

 

Bundan tashqari, vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiev esa o‘qituvchilar malaka oshirish jarayonlarida ixtiyoriy faollik oshayotganini qayd etdi.

 

“Bugungi kunda o‘qituvchilarning 90 foizi malaka toifa sinovlarida ixtiyoriy ravishda ishtirok etmoqda. Bu majburiy emas. Bu o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashni boshlaganini ko‘rsatadi”, — dedi u.

 

Shuningdek, 19–29 yoshdagi o‘qituvchilarning 24 foizi eng yuqori natijalarni qayd etgani ta’kidlandi. Bu esa yosh pedagoglar yuqori natija va yuqori maoshga erishish imkoniyatlarini anglab yetayotganini ko‘rsatadi.

 

‘‘Tizimda oylik miqdoriga qat’iy chegara yo‘q. O‘qituvchi qanchalik o‘z ustida ishlasa va rivojlansa, daromadi shuncha oshib boraveradi’’, — deydi Azizbek Turdiev.

 

Mavzuga doir: Chekka hududlardagi tarbiyachilar uchun dual ta’limda o‘qishda qo‘shimcha imkoniyat beriladi.