O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktorining buyrug‘i bilan (28.02.2026-yil ro‘yxat raqami 3783) Oliy taʼlim tashkilotlari milliy reytingini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida nizom tasdiqlandi.
Yangi tartibga koʻra, milliy reytingda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar tashkil etilganligiga uch yil toʻlgan va bitiruvchilarga ega boʻlgan oliy taʼlim tashkilotlari ishtirok etadi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan, ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mustasno.
Shuningdek, global miqyosda tan olingan Quacquarelli Symonds va The Times Higher Education tashkilotlarining dunyo oliygohlari reytingida (sohalar boʻyicha reyting bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha eng yuqori oʻrinlarni egallagan oliy taʼlim tashkilotlari boʻyicha Milliy reyting alohida yuritishi mumkin.
Bunda oliy taʼlim tashkilotiga global miqyosda tan olingan xalqaro reyting tashkilotlari roʻyxatida keltirilgan ketma-ketlik boʻyicha oʻrin belgilanadi.
Milliy reyting maʼlumotlari maxsus platformada quyidagi manbalaridan shakllantiriladi:
– tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari maʼlumotlari;
– oliy taʼlim tashkilotlarining maʼlumotlari;
– xalqaro maʼlumotlar bazalaridan olinadigan maʼlumotlar.
Bunda ushbu maʼlumotlarning manbasi va verifikatsiyalash usullari maxsus platformada koʻrsatilishi shart.
Oliy taʼlim tashkiloti tomonidan kiritiladigan maʼlumotlar maxsus platformaga har yili 1-fevralga qadar kiritilishi lozim.
– belgilangan muddatda kiritilmagan maʼlumotlar Milliy reytingni shakllantirishda inobatga olinmaydi;
– oliy taʼlim tashkiloti tomonidan maxsus platformaga kiritilgan maʼlumotlarning asoslanganligi, ishonchliligi va belgilangan muddatda taqdim etilishi uchun tashkilot rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Maxsus platformaning maʼlumotlari vazirlik va idoralarning tegishli axborot tizimi bilan integratsiya qilgan holda shakllantiriladi. Bunda integratsiya qilish imkoni boʻlmagan holatlarda, maʼlumotlar Agentlik tomonidan alohida soʻrov asosida olinib, maxsus platformaga kiritiladi.
Ta’lim tashkiloti hisobot yilidan keyingi yilning 1-fevraliga qadar maxsus platformaga hisobot yili bo‘yicha quyidagi ma’lumotlarni ixtiyoriy ravishda kiritadi:
- asosiy shtatda yoki ichki oʻrindosh sifatida mehnat faoliyatini olib boruvchi professor-o‘qituvchilarning Scopus maʼlumotlar bazasidagi ID raqamlari;
- xalqaro va xorijiy tashkilotlar, shuningdek mahalliy tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan va indikatorlar bilan bog‘liq bo‘lgan shartnomalar hamda ushbu shartnomalar bo‘yicha kelib tushgan mablag‘larning bank kvitansiyalari (elektron bank ko‘chirmalari). Bunda g‘azna ijrosi bilan qamrab olingan ta’lim tashkilotlari uchun shartnomalar bo‘yicha kelib tushgan mablag‘larning bank kvitansiyalarini (elektron bank ko‘chirmalari) maxsus platformaga kiritish talab etilmaydi;
- xorijiy almashinuv dasturlarida ishtirok etgan asosiy shtatda yoki ichki oʻrindosh sifatida mehnat faoliyatini olib boruvchi professor-o‘qituvchilar va talabalar bo‘yicha transkriptlar, ta’lim tashkilotining buyruqlari va kelishuvlari;
- xorijiy hamkor hisoblangan oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning xodimlari va ushbu xodimlar bilan bog‘lanish usullari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, talabalarning taʼlim sifatidan qoniqish darajasi, professor-oʻqituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ish beruvchilar oʻrtasida bitiruvchilarning nufuzi hamda taʼlim va boshqaruv faoliyatini raqamlashtirish yo‘nalishlarida Umummilliy so‘rovnoma o‘tkaziladi.
Umummilliy so‘rovnoma hisobot yilidan keyingi yilning 1-iyuniga qadar hisobot yili bo‘yicha tashkil etiladi hamda ushbu so‘rovnomada quyidagilar ishtirok etishi mumkin:
— ta’lim shaklidan qat’iy nazar ta’lim tashkilotining bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar;
— ta’lim tashkilotida faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchilar;
— hisobot yilida o‘qishni yakunlagan ta’lim tashkilotining bitiruvchilarini ishga qabul qilgan ish beruvchilar.
Umummilliy so‘rovnoma bo‘yicha ta’lim tashkilotining natijalari ushbu tashkilotning bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar birgalikdagi jami sonining hamda asosiy shtatda va ichki oʻrindosh sifatida mehnat faoliyatini olib boruvchi professor-oʻqituvchilar birgalikdagi jami sonining kamida 20 foizi umummilliy so‘rovnomada ishtirok etgan taqdirda hisobga olinadi.
20 foizdan past ishtirok kuzatilgan taqdirda ta’lim tashkilotiga umummilliy so‘rovnoma asosida aniqlanadigan tegishli indikatorlar bo‘yicha ball berilmaydi.
Milliy reyting oliy taʼlim tashkilotlarining kontingentiga qarab, ularni toifalarga ajratgan holda yuritiladi.
Xususan, oliy taʼlim tashkilotlari ijtimoiy-gumanitar fanlar, amaliy fanlar, tibbiyot fanlari va ijod (sport) oliy taʼlim tashkilotlari toifalarga ajratiladi.
Milliy reyting ta’lim tashkilotlarining ta’lim sohalari (ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari) va talabalar kontingenti bo‘yicha ularni toifalarga ajratgan holda yuritiladi.
| Oliy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingi MЕZONLARI VA HISOBLASH TARTIBI | ||||
| Mezon va indikator nomi | Amaliy fanlar | Tibbiyot | Gumanitar | Sport |
| I. AKADEMIK FAOLIYAT (Jami) | 30 | 30 | 30 | 30 |
| 1. Ilmiy daraja (unvon)ga ega professor-oʻqituvchilar ulushi | 9 | 9 | 9 | 9 |
| 2. Ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar o‘rtacha yoshi* | 2 | 2 | 2 | 2 |
| 3. Xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida olingan ilmiy daraja va magistratura diplomlariga ega professor-oʻqituvchilar ulushi | 3 | 3 | 3 | 3 |
| 4. Taʼlim va ilmiy jarayonlarga jalb qilingan xorijiy professor-oʻqituvchilar ulushi | 1 | 1 | 1 | 1 |
| 5. Professor-oʻqituvchilar sonining talabalar soniga nisbati | 6 | 6 | 6 | 6 |
| 6. Talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar | 3 | 3 | 3 | 3 |
| 7. Talabalarning taʼlim sifatidan qoniqish darajasi | 3 | 3 | 3 | 3 |
| 8. Professor-oʻqituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar | 3 | 3 | 3 | 3 |
| II. ILMIY FAOLIYAT | 25 | 25 | 20 | 10 |
| 9. Scopus maʼlumotlar bazasining indekslanuvchi jurnallarida nashr etilgan maqolalar | 5 | 5 | 3 | 2 |
| 10. Xalqaro maʼlumotlar bazalarida iqtiboslik koʻrsatkichi | 4 | 4 | 4 | 1 |
| 11. Professor-oʻqituvchilarning “Xirsh” indeksi (h-index) | 3 | 3 | 2 | 1 |
| 12. Ixtiro, foydali model, sanoat namunalari va seleksiya yutuqlari uchun patentlar ulushi | 2 | 2 | 1 | – |
| 13. Scopus maʼlumotlar bazasida qayd etilgan patentlar | 2 | 2 | 2 | – |
| 14. Jalb etilgan mablagʻlar | 6 | 6 | 5 | 4 |
| 15. Oliy ta’limdan keyingi ta’lim boʻyicha kadrlar tayyorlash samaradorligi | 3 | 3 | 3 | 2 |
| III. XALQARO FAOLIYAT (Jami) | 15 | 15 | 15 | 10 |
| 16. Xalqaro reputatsiya | 5 | 5 | 5 | 3 |
| 17. Xorijiy davlat fuqarosi hisoblangan talabalar ulushi | 3 | 3 | 3 | 2 |
| 18. Talabalarning xalqaro akademik mobilligi | 3 | 3 | 3 | 2 |
| 19. Professor-oʻqituvchilarning xalqaro akademik mobilligi | 2 | 2 | 2 | 2 |
| 20. Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlar bilan tashkil etilgan qoʻshma taʼlim dasturlari samaradorligi | 2 | 2 | 2 | 1 |
| IV. BITIRUVCHILAR VA RAQAMLASHTIRISH | 30 | 30 | 35 | 50 |
| 21. Ish beruvchilar oʻrtasidagi bitiruvchilar bo‘yicha nufuz | 5 | 5 | 5 | 5 |
| 22. Bitiruvchilarning bandlik holati | 10 | 10 | 15 | 30 |
| 23. Bitiruvchilarning ishga joylashish muddati | 5 | 5 | 5 | 5 |
| 24. Bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi | 5 | 5 | 5 | 5 |
| 25. Oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim va boshqaruv faoliyatini raqamlashtirish | 5 | 5 | 5 | 5 |
Izoh:
1) Indikatorlar bo‘yicha ko‘rsatkichlarni hisoblashda xorijiy oliy ta’lim tashkiloti xalqaro miqyosda tan olingan xalqaro reyting tashkilotlarining (THE, QS va ARWU) bir nechta ro‘yxatiga kirgan taqdirda, eng yuqori o‘rin hisobga olinadi;
2) *Formula natijasiga ko‘ra, eng kichik ko‘rsatkichga ega oliy ta’lim tashkilotiga eng yuqori ball beriladi.
