O‘qituvchi attestatsiyadan “yiqilsa” (oʻta olmasa, past ball toʻplasa) u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadimi?
Bu birinchi navbatda attestatsiyaning turiga bogʻliq. Navbatdan-tashqari attestatsiya boʻlsa, past natija boʻlsa ham, salbiy qaror qabul qilinmaydi, albatta. Navbatdagi-majburiy attestatsiya boʻlsa, past natija qayd etilganda mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinishi ham mumkin.
Tegishli Nizomning 44-bandiga ko‘ra, ikkita bosqich natijalariga koʻra:
g) mutaxassis yoki oliy maʼlumotli oʻqituvchi lavozimidagi pedagog kadr:
– 60 ball va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi) berilgan;
– 55 balldan 59 ballgacha koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi saqlangan;
– 55 balldan kam koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtmagan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno) hisoblanadi.
d) (yangi qoʻshilgan kichik band) oliy maʼlumotga ega boʻlmagan pedagog kadrlarga malaka toifalari berilmaydi, ular:
– 55 ball va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, lavozimi saqlangan;
– 55 balldan kam koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtmagan, oʻqituvchi lavozimiga muvofiq emas, deb hisoblanadi.
Navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar attestatsiyadan oʻta olmagan taqdirda, ularning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda ular lavozimiga muvofiq emas deb hisoblanmaydi.
Oliy maʼlumotga ega boʻlmagan hamda mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻta olmagan taqdirda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.
44 -1. Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻta olmagan oliy maʼlumotga ega boʻlmagan hamda mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyaga koʻpi bilan ketma-ket ikki marta jalb etiladi.
Bunda ikki martadan birortasida ham navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻta olmagan yoki uzrli sababsiz (kasallikka chalinishi oqibatida mehnatga qobiliyatsizlik davrida hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari hollarda) attestatsiyada ishtirok etmagan pedagog kadr bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli bekor qilinadi.
Attestatsiyadan oʻta olmagan oliy maʼlumotga ega boʻlmagan hamda mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlarni ketma-ket ikki marta navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etishga pedagog kadr faoliyat koʻrsatayotgan taʼlim tashkilotining rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Attestatsiyadan oʻta olmaganligi sababli mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda pedagoglarning mehnat shartnomasi (xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli) bekor qilingan taqdirda, pedagog kadr faqat oʻz xohishi bilan navbatdan tashqari Kasbiy sertifikatlash sinovida ishtirok etib, sertifikatni qoʻlga kiritgan holdagina, yana pedagog sifatida ishga qabul qilinishi mumkin.
