Slovakiyada talabalar, professor va tadqiqotchilar uchun toʻliq grant asоsida oʻqish va tadqiqot olib borish imkoniyati

Slovakiyada talabalar, professor va tadqiqotchilar uchun toʻliq grant asоsida oʻqish va tadqiqot olib borish imkoniyati

Slovakiya hukumati xorijiy universitetlar bilan xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, isteʼdodli talabalarni Slovakiyada tahsil olishga, professor va tadqiqotchilarni esa ilmiy izlanishlar olib borishga ragʻbatlantirish maqsadida The National Scholarship Programme of the Slovak Republic (NSP) almashinuv dasturini joriy etgan.

 

 

Dastur uchun arizalar har yili ikki marta qabul qilinadi:

 

 

Kuzgi mavsum — 31-oktyabrgacha;

 

Bahorgi mavsum — 30-aprelgacha.

 

 

Hozirda kuzgi mavsum uchun arizalar qabul qilinmoqda.

 

Dastur doirasida talabalar Slovakiya universitetlaridan birida bepul taʼlim olishi, tadqiqotchilar esa ilmiy faoliyat olib borishi mumkin. Oʻqish va tadqiqot muddati yoʻnalishga qarab 1 oydan 10 oygacha (talabalar uchun — 3 oydan 10 oygacha) davom etadi. Shu vaqt davomida ishtirokchilar oʻqish toʻlovidan ozod qilinadi, oylik stipendiya hamda yoʻl xarajatlari bilan taʼminlanadi.

 

Ishtirokchilar uchun talablar

 

Nomzodlar quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:

 

 

– bakalavr, magistratura yoki doktorantura bosqichida tahsil olayotgan boʻlishi;

 

– bakalavr talabalari kamida 2,5 yilini tugallagan va Slovakiya universitetlaridan biriga qabul qilingan boʻlishi lozim;

 

– doktorantura talabalari Slovakiya oliygohi yoki tadqiqot markazida qabul qilingan boʻlishi kerak;

 

– universitet oʻqituvchilari va tadqiqotchilar Slovakiya oliygohi yoki tadqiqot markazidan taklif xati olishi shart (biznes-kompaniyalar bundan mustasno);

 

– nomzod ingliz yoki slovak tilini yaxshi bilishi lozim (sertifikat majburiy emas);

 

– Slovakiyada avval kunduzgi taʼlimda oʻqigan yoki hozirda oʻqiyotgan talabalar ishtirok eta olmaydi;

 

– oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va sanʼat sohasi vakillari kamida PhD darajasi yoki unga teng hujjatga va 4 yillik tajribaga ega boʻlishlari shart (istisno holatlar mavjud);

 

– Slovakiya hududida oxirgi 3 yil davomida doimiy yashovchilar ishtirok eta olmaydi;

 

– ERASMUS+, International Visegrad Fund, CEEPUS va boshqa dasturlar boʻyicha stipendiya olayotgan talabalar ariza topshira olmaydi;

 

– oldingi bosqichlarda gʻolib boʻlgan nomzodlar kamida 2 yil oʻtgach qayta ariza topshirishi mumkin.

 

 

Talablar haqida batafsil ushbu havola orqali bilib olishingiz mumkin.

 

Imtiyozlar

 

Dasturga qabul qilinganlar quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladilar:

 

Yashash xarajatlari uchun oylik stipendiya:

 

– bakalavr va magistratura talabalari — €620;

 

– PhD talabalari — €1025,50;

 

– o‘qituvchilar va tadqiqotchilar — tajribaga qarab €1025,50 – €1470;

 

– yoʻl xarajatlari uchun moddiy yordam: masofaga qarab €250 – €1500, Oʻzbekistonliklar uchun — €750;

 

– Slovakiyaga borganda tibbiy koʻrik xarajatlari qoplab beriladi;

 

– Slovakiya universitetlari yoki tadqiqot markazlarida 1 oydan 10 oygacha bepul taʼlim olish yoki izlanish olib borish imkoniyati.

 

 

Dasturning manfaatlari tomonlari haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olishingiz mumkin.

 

Ariza topshirish tartibi

 

Dasturda qatnashish uchun avval onlayn roʻyxatdan oʻtiladi va quyidagi hujjatlar topshiriladi:

 

 

– CV (tarjimai hol);

 

– motivatsion xat;

 

– Study program (Slovakiyada boʻlish muddati va faoliyati batafsil ko‘rsatilgan reja);

 

– 2 ta tavsiyanoma (universitet oʻqituvchilaridan);

 

– universitetda oʻqiyotganligi haqida maʼlumotnoma;

 

– diplom yoki semestr baholari tarjimasi;

 

– qabul xati (Admission/Invitation letter);

 

– PhD talabalar, oʻqituvchilar va tadqiqotchilar uchun — chop etilgan ilmiy ishlar roʻyxati hamda tadqiqot rejasi.

 

 

Barcha hujjatlar ingliz yoki slovak tilida taqdim etilishi shart. Ariza topshirish jarayoni va kerakli hujjatlar haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.

 

 

Natijalar dastur boshlanishidan kamida 6 hafta oldin, yaʼni bahorgi mavsum uchun yanvar oxirigacha eʼlon qilinadi.

Avvalgi yillarda dasturga qabul qilinganlar roʻyxati bilan ushbu havola orqali tanishib chiqish mumkin.