Ijtimoiy tarmoqlarda huquqshunoslik fanidan kirish testlari mazmuni yuzasidan bildirilgan eʼtirozlar keng muhokamalarga sabab boʻldi. Bilimni baholash agentligi mazkur fikrlarga munosabat bildirib, test topshiriqlari davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari hamda oldindan eʼlon qilingan qonunchilik hujjatlari asosida shakllantirilganini maʼlum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda huquqshunoslik fanidan kirish imtihonlaridagi testlar yuzasidan tanqidiy fikrlar tarqaldi. Ayrim foydalanuvchilar test topshiriqlari abituriyentlarning huquqiy tafakkuri va tahliliy fikrlashini emas, balki qonun moddalari sanksiyalarini yoddan bilishini baholayotgani haqida fikr bildirmoqda.
Xususan, advokat Abdumalik Abdullayev oʻz sahifasida:
“Bu savolga javob berish uchun huquqiy tafakkur ham, mantiqiy tahlil ham kerak emas. Faqat bitta narsa kerak — moddaning sanksiyasini yoddan bilish. Shunda beixtiyor savol tugʻiladi: biz huquqshunos tanlayapmizmi yoki kodeksni yod olgan abituriyentnimi?” — deb yozadi.
Taʼkidlashicha, u 27-yildan buyon huquq sohasida faoliyat yuritadi. Shunga qaramay, kirish imtihonidagi “Davlat va huquq asoslari” fanidan 30 ta savolning 17 tasiga toʻgʻri javob bergan. U bunga huquqni bilmaslik emas, balki ayrim test savollarining mazmuni sabab boʻlganligini aytgan.
Misol sifatida Jinoyat kodeksining 278⁴-moddasi dispozitsiyasi berilib, “Ushbu jinoyat qaysi toifaga kiradi?” degan savol qoʻyilganini keltiradi. Advokatning fikricha, bunday savolga javob topish uchun qonunni sharhlash yoki huquqiy tahlil qilish emas, modda sanksiyasini yoddan bilish talab etiladi.
Mazkur fikrlar ortidan Bilimni baholash agentligi rasmiy munosabat eʼlon qildi.
Agentlikning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi PQ–4884-son qaroriga muvofiq test topshiriqlari davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari asosida tuziladi hamda ularning mazmuni umumiy oʻrta taʼlim tizimidagi fanlar oʻquv dasturlariga moslashtiriladi.
Qayd etilishicha, 2026/2027-oʻquv yili qabuli uchun huquqshunoslik fanidan test topshiriqlari ham aynan ushbu talablar asosida davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va Agentlikning rasmiy veb-saytida oldindan eʼlon qilingan 35 ta qonunchilik hujjati asosida shakllantirilgan. Mazkur hujjatlarga huquqshunoslik fanlari boʻyicha oʻquv dasturiga kiritilgan mavzular doirasida murojaat qilingan.
“Test sinovi natijasidan norozi boʻlgan yoki test topshiriqlari oʻquv dasturlari asosida tuzilmagan deb hisoblagan abituriyentlar yakuniy tanlov natijalari eʼlon qilingandan soʻng belgilangan tartibda apellyatsiya shikoyati berishi mumkin” — deydi rasmiylar.
Avvalroq, oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlangani haqida xabar bergan edik.
