Toshkent viloyatidagi bir necha maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ovqatdan zaharlangani haqida xabar bergan edik.
Maktabgacha va maktab vazirligi bolalarning barchasi sog’aygani va ularning salomatligiga xavf yo‘qlini to‘liq tasdiqladi. Hozirda barcha bolalar o‘z oilalari bag‘riga qaytgan.
2-oktabrdan boshlab barcha maktabgacha ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini odatiy ish rejimida davom ettiradi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ayrim bog‘chalarda umumiy ovqatlanish xizmatlari xususiy korxonalar tomonidan autsorsing tizimi orqali yo‘lga qo‘yilgan. Shartnomalarda sanitariya talablari va me’yorlariga qat’iy rioya qilish belgilangan.
Shu bilan birga, Vazirlik o‘z mas’uliyatini chuqur his qilganini va nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirishini ma’lum qildi.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda voqea tafsilotlari har tomonlama o‘rganilmoqda. Kamchiliklar aniqlansa, tegishli shartnomalar qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi.
Shuningdek, joylarda ko‘rsatilayotgan autsorsing xizmatlari sifati ustidan nazorat tizimi yanada kuchaytiriladi.
Bu jarayonga ota-onalar, ekspertlar va jurnalistlardan iborat jamoatchilik komissiyasi ham jalb etilib, ularning xulosalari jamoatchilikka muntazam yetkazib boriladi.
Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi bunday holatlarning oldini olish uchun tizimli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Bu choralar nafaqat mavjud holatni bartaraf etishga, balki kelgusida bu kabi holatlarning takrorlanishini oldini olishga ham qaratilgan.
Vazirlik Prokuratura idoralari, Iqtisodiyot va moliya hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikda barcha zarur choralarni amalga oshiradi.
