O‘qituvchi o‘quvchilar ota-onalari bilan samarali muloqotni qanday yo‘lga qo‘yishi mumkin?

O‘qituvchi o‘quvchilar ota-onalari bilan samarali muloqotni qanday yo‘lga qo‘yishi mumkin?

 

Ba’zan o‘qituvchilar va ota-onalarga bir-biri bilan samarali muloqot qilish oson bo‘lmaydi. O‘quv jarayonida birgalikda muhokamani talab qiladigan muammo paydo bo‘lganda esa, samarali muloqot o‘rniga tomonlar ko‘pincha aybdorni qidiradi yoki mas’uliyatni bir-biriga yuklaydi. Natijada munosabatlar yanada buziladi, muammo esa hal etilmaydi.

 

 

Amaliyotchi psixolog va pedagog, ‘‘Yarko’’ psixologiya va pedagogika markazi asoschisi, psixologiya bo‘yicha kitoblar va ‘‘Жись’’ podkastining muallifi Yaroslava Rindina ‘‘Августовка Учи.ру — 2025’’ onlayn-konferensiyasida bunday muloqotdagi qiyinchiliklar qaysi psixologik mexanizmlar tufayli yuzaga kelishini tushuntirib bergan.

 

 

Quyida uning ota-onalar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish va eng murakkab vaziyatlarda ham o‘zaro tushunishga erishish bo‘yicha tavsiyalarini keltiramiz.

 

Ong osti qarashlar va reaksiyalar kommunikatsiyaga qanday ta’sir qiladi?

 

Tahlil nazariyasiga ko‘ra, har bir muloqot ishtirokchisi, o‘z istak va niyatlaridan qat’i nazar, suhbatga o‘zining ongsiz ravishda shakllangan hayotiy ssenariysini olib kiradi. Bu atama psixolog Erik Bern tomonidan kiritilgan bo‘lib, bolalikda shakllangan va insonning maqsadlari, atrofdagilarga hamda dunyoga bo‘lgan munosabati, xatti-harakatlariga ta’sir etuvchi ustanovkalarni ifodalaydi. Ko‘pincha, biror muammoni hal qilish yoki aniq maqsadga erishish zarur bo‘lgan paytda odamlar ongli ravishda emas, balki shu ssenariylarini “o‘ynash” bilan shug‘ullanadilar.

 

 

Yaroslava Ryndinaning ta’kidlashicha, samarali muloqot qurish uchun odam avvalo o‘zining ego-holatini anglab, uni boshqarishni o‘rganishi kerak. Transaksion tahlilda ego-holat deb insonning muayyan vaziyatda egallagan pozitsiyasiga aytiladi. Har bir ego-holatga o‘ziga xos fikrlash shakllari, emotsional reaksiyalar va hislar xos. Transaksion tahlilda uchta ego-holat ajratib ko‘rsatiladi:

 

 

Bola holati — inson bolalarga xos bo‘lgan xatti-harakatlarni takrorlaydi: masalan, yoqimli bo‘lishga intiladi yoki injiqlik qiladi, boshqalardan himoya va muammosini hal qilishni kutadi. Shu bilan birga, Bola holati samimiylik, spontaniklik, qiziquvchanlik va ijodiy ifodalanish imkonini beradi.

 

 

Ota-ona holati — boshqa odamga g‘amxo‘rlik qilish yoki tanqid qilish orqali namoyon bo‘ladi. Bu holatda inson boshqalarni nazorat qilishga intiladi, qoidalar va normalarni o‘rgatadi, o‘qitadi yoki himoya qiladi, yordam beradi va qo‘llab-quvvatlaydi.

 

Vazminlik — voqealarni ob’yektiv baholash, mantiqiy fikrlash, reja tuzish va unga rioya qilish bilan xarakterlanadi.

 

O‘qituvchi o‘quvchilar ota-onalari bilan samarali muloqotni qanday yo‘lga qo‘yishi mumkin?

 

Turli vaziyatlarda har bir ego-holatning ijobiy tomonlari bor. Ammo o‘qituvchiga ota-ona bilan pedagogik masalani muhokama qilish kerak bo‘lganda, har ikkala tomonning ham vazmin holatda bo‘lishi juda muhim. Amalda esa ko‘pincha bunday bo‘lmaydi.

 

 

Masalan, ota-ona o‘qituvchiga tanqid qiluvchi Ota-ona pozitsiyasidan murojaat qiladi va o‘qituvchini qanday qilib o‘qitish va tarbiyalash kerakligini yaxshiroq bilishini ko‘rsatadi. O‘qituvchi esa bu vaqtda beixtiyor Bola holatiga o‘tib ketadi — o‘zini oqlashga, himoyalanishga urinadi. Bunday muloqot esa, tabiiyki, mazmunli va samarali bo‘lmaydi.

 

O‘qituvchi uchun mas’uliyat doiralarini ajratish

 

Muloqot samarali bo‘lishi uchun o‘qituvchi o‘z ego-holatini boshqara olishi va vazmin pozitsiyadan baholashi lozim:

 

‘‘Bu dialogning maqsadi nima? Biz qilayotgan harakatlar bu maqsadga yaqinlashtiryaptimi yoki uzoqlashtiryaptimi?’’ Shu qobiliyatni o‘zlashtirish orqali siz nafaqat o‘zingizni, balki suhbatdoshni ham Katta odam roliga yo‘naltira olasiz.

 

Psixolog Yaroslava Rindinaning ta’kidlashicha, bunday muloqotning asosi — mas’uliyatni to‘g‘ri taqsimlash.

 

 

Ko‘pincha, ayniqsa hissiyotlar aralashganda, mas’uliyat doirasida chalkashlik yuzaga keladi. Natijada o‘qituvchi ota-ona bilan suhbatda o‘zi mas’ul bo‘lmagan narsalar uchun, masalan, bolaning uy vazifasini bajarmaganligi uchun o‘zini oqlashga majbur bo‘lib qoladi.

 

 

Vazmin ego-holatiga qaytish — bu o‘z mas’uliyat doirangizni aniq bilish va unga kirmaydigan narsani o‘z zimmangizga olmaslik demakdir.

 

Mas’uliyat taqsimoti quyidagicha:

 

O‘qituvchi javobgar:

 

– ta’lim jarayonini tashkil etish uchun;

 

 

– materialni yetkazish, sinf imkoniyatiga moslashtirish;

 

– xavfsiz va hurmatga asoslangan muhitni yaratish;

 

– professional etikaga rioya qilish;

 

– ota-onalarga fikr-mulohazalarni yetkazish (lekin ularning qabul qilish usuli uchun emas);

 

– o‘zaro muloqot chegaralarini belgilash va saqlash uchun.

 

 

O‘quvchi javobgar:

 

– shaxsiy motivatsiya va o‘quv jarayonida ishtirok etish uchun (o‘z yetukligi darajasida);

 

– maktab qoidalariga rioya qilish uchun;

 

– faol o‘quv harakatlari uchun (agar tushunmasa savol berish, topshiriqlarni bajarish va h.k.).

 

 

Ota-onalar javobgar:

 

– bolaning emotsional qo‘llab-quvvatlanishi uchun;

 

– o‘zini boshqarishning asosiy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun;

 

– bola uchun uyqu va ovqatlanish tartibini ta’minlash uchun;

 

– pedagog bilan aloqa o‘rnatish uchun;

 

– tanlagan ta’lim tizimiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish uchun.

 

Samarali muloqot uchun tavsiyalar

 

Yaroslava Ryndina o‘qituvchilarga ota-onalar bilan chegaralangan va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishda quyidagi usullarni tavsiya qiladi:

 

1. O‘z rolingizni va muloqot shaklini tushuntiring. Ota-onalardan maktab bilan qanday munosabatda bo‘lishni o‘zlari bilib olishlarini kutmang. Siz ularning qaysi masalalarda murojaat qilishi mumkinligini, nimalar sizning mas’uliyatingizga kirishini, nimalar kirmasligini aniq aytib berishingiz kerak. Buni sokin, ishonchli ohangda, faktlarga tayangan holda yetkazish muhim.

 

 

2. ‘‘Biz muammoning qarshisida birgamiz’’ prinsipidan foydalaning. Ota-onalar ko‘pincha ish kunidan charchab keladi va eng kichik sabab bilan ham jahli chiqishi mumkin. Bunday paytda mudofaaga o‘tish yoki hujum qilish emas, balki suhbatdosh bilan bir tomonda turish muhim. Masalan: ‘‘Men sizning charchaganingizni tushunaman. O‘zim ham butun kun ishladim. Endi esa birgalikda Petya maktab qoidalariga rioya qilishi uchun qanday yordam bera olishimizni o‘ylab ko‘raylik’’. Shunda ota-onaga siz uning sherigi ekaningiz seziladi.

 

 

3. Mas’uliyat chegaralarini ta’kidlang. Agar ota-ona sizga tegishli bo‘lmagan vazifalarni yuklashga urinayotgan bo‘lsa, buni to‘xtatish lozim. Masalan, ota-ona aytadi: ‘‘Siz farzandimni majburlab o‘qitishingiz kerak’’.

Siz bunga shunday javob berishingiz mumkin: ‘‘Men sizning xavotiringizni tushunaman. Men sinfda o‘quv motivatsiyasini shakllantirish uchun sharoit yarataman va uni qo‘llab-quvvatlayman. Ammo uyda Petyaning xulqiga ta’sir qila olmayman. Siz esa ota-ona sifatida mana shunday choralar ko‘rishingiz mumkin’’.

 

O‘qituvchi o‘quvchilar ota-onalari bilan samarali muloqotni qanday yo‘lga qo‘yishi mumkin?

 

Ota-onalar bilan muloqotni yanada yaxshilash uchun boshqa tavsiyalar

 

Ota-onalarni hamkorlikka o‘rgatish. Ota-onalarga maktab bilan qanday muloqot qilishni tushuntirish kerak, chunki ular ko‘pincha bunga tayyor bo‘lmaydi. Sizning professional pozitsiyangizni mustahkamlash uchun ishonchli, aniq va muntazam aloqa zarur.

 

 

Mutaxassis sifatidagi mavqeni mustahkamlash. Sizning professional tajribangiz asosida tavsiyalar berish, ota-onalarga tanlov erkinligini qoldirish, ammo qaror natijasining ular zimmasida ekanini ko‘rsatish muhim.

 

 

Ochiqlik va muntazam axborot. Agar ota-onalar o‘zlariga kerakli ma’lumotni olmay qolsa, ular xavotirlanib, salbiy ssenariylarni o‘ylab topishi mumkin. Shuning uchun tezkor va tushunarli aloqa juda muhim.

 

 

Muvaffaqiyatli tajribalarni ulashish. Boshqa oilalar bilan ishlash tajribasi va ijobiy natijalar ota-onalarga ishonch bag‘ishlaydi.

 

 

Proyeksiyalar bilan ishlash. Ota-onalar ko‘pincha o‘qituvchini ‘‘aybdor’’, ‘‘qutqaruvchi’’ yoki ‘‘hakam’’ roliga qo‘yishi mumkin. Bunday holatda asosiy vazifa — suhbatni real vaziyatga qaytarish va muammoni birgalikda hal qilishga yo‘naltirish.

 

 

Qarshilikni qabul qilish. Ota-onalarning noroziligi sizning professionalligingizga shubha tug‘dirmaydi. Bu ko‘pincha ularning xavotiri, aybdorlik hissi yoki charchoqlari natijasidir. Buni shaxsiy haqorat sifatida qabul qilmaslik, balki muloqotni yaxshilash imkoniyati sifatida ko‘rgan afzal.

 

 

Yaroslava Ryndina ta’kidlashicha, qiyinchilik va qarshiliklar — bu o‘sish imkoniyati. Ularni to‘sqinlik emas, balki konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish imkoniyati sifatida ko‘rish kerak. Va, albatta, zarurat tug‘ilganda, hamkasblardan yoki psixologdan yordam so‘rashdan cho‘chimaslik lozim.

 

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish