Hududlardagi sanitar tozalash korxonalari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalik posbonlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida sohada kamida 10 yildan beri ishlab kelayotgan xodimlar o’rtasida “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 avgustdagi 514-sonli qaroriga ko’ra, «Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» tanlovida sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi, ko‘p yillar davomida sadoqatli mehnat qilgan xodimlari qatnashishi mumkin.
Tanlovning navbatdagi bosqichi 2025-yil 1-sentyabrda boshlanib, g‘oliblar 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida aniqlanadi va munosib taqdirlanadi.
Tanlov g‘oliblarining davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga bir yillik kontrakt summasi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan ortiq bo‘lmagan qismi to‘lab beriladi. Bunda talabalar zimmasiga kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida uch yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.
Eslatma! Tanlovda qatnashish uchun arizalar 2025-yil 30-sentabr soat 17:00ga qadar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining info@sanitation.uz elektron pochta manziliga yoki Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalariga yuborilishi lozim.
