Varshava shahridagi metroda kutubxona ochildi

Varshava shahridagi metroda kutubxona ochildi

Polshaning poytaxti Varshavada yo‘lovchilarni smartfondan chalg‘itish va kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida metro bekatida zamonaviy kutubxona tashkil etildi. “Metroteka” deb nomlangan ushbu hudud Targuvek tumanidagi M2 yo‘nalishining “Kondratowicza” bekatida o‘z faoliyatini boshladi.

 

150 kvadrat metr maydonda joylashgan ekspress kutubxonada kattalar va bolalar uchun alohida mutolaa zonalari, ommaviy o‘qish va madaniy tadbirlar uchun maxsus joylar ajratilgan. Kitobxonlar 16 mingga yaqin asar ichidan tanlov qilishi mumkin.

 

Kitob olish tartibi ham zamonaviy – tashrif buyuruvchilar maxsus chip yordamida kitobni “ekspress” kassadan tezkor tarzda olishlari va uni 24 soat faoliyat yuritadigan qaytarish qutisi orqali topshirishlari mumkin.

 

“Metroteka” tashrifchilarga umumiy maydonda o‘qish yoki ishlash, internet uchun noutbuk ijaraga olish, shuningdek bepul qahva va issiq shokoladdan bahramand bo‘lish imkonini yaratadi. Hududning o‘ziga xosligi shundaki, majmua tarkibida turli xonaki gullar o‘stirilgan kichik bog‘ ham barpo etilgan.

 

Kutubxona ochilgan kunning o‘zida 400 dan ortiq kitob tarqatildi. Ularning orasida o‘quv adabiyotlari, sayohat qo‘llanmalari va boshqa turdagi kitoblar bor.

 

Polsha Milliy kutubxonasi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, so‘nggi bir yilda respondentlarning atigi 41 foizi kamida bitta kitob o‘qigan. Bu ko‘rsatkich 1990-yillar oxiri va 2000-yillar boshidagidan qariyb ikki baravar past. Mutaxassislar fikricha, buning sababi odamlarning ko‘proq televizor va telefonga bog‘lanib qolishidadir.