Ta’lim statistikasi milliy to‘plami ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda faqat qozoq tilida ta’lim beradigan maktablar soni 18 taga oshgan bo‘lsa, rus tilidagi maktablar 190 taga kamaygan.
Ta’lim tilini ota-onalar belgilaydi
“Qozog‘iston ta’lim (Maorif) vazirligi rus tilida ta’lim beriladigan sinflarni yopishni rejalashtirmagan. Statistikaga ko‘ra, tobora ko‘proq ota-onalar farzandlari uchun qozoq tilidagi ta’limni tanlayotgan bo‘lsa-da, rus sinflariga ham talab mavjud”, — dedi Qozog‘iston ta’lim vaziri G‘ani Beysembayev brifingda.
Qozog‘istonda uch turdagi maktab mavjud:
– faqat qozoq tilida ta’lim beradigan;
– faqat rus tilida ta’lim beradigan;
– aralash shakldagi maktablar (bir sinf qozoq tilida, boshqasi rus tilida).
So‘nggi besh yil ichida aynan aralash shakldagi maktablar eng katta o‘sishni qayd etdi — ularning soni 104 taga ko‘paygan. 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar soni bo‘yicha ham ular qozoq tilidagi maktablarni ortda qoldirmoqda.
Bunday maktablar sonining oshishi aholining ko‘p millatliligi sababli faqat bitta tilda ta’lim beradigan maktab ochish maqsadga muvofiq emas. Shu bois aksariyat maktablarda qozoq va rus sinflari birgalikda faoliyat yuritadi.
Bu jarayon davlat maktablari (ular umumiy sonning 91 foizini tashkil etadi) bilan birga xususiy ta’lim muassasalariga ham xos. Bunday maktablar ota-onalarga farzandlari uchun eng maqbul tilni tanlash imkonini beradi.
“Sinflar ota-onalar tanloviga qarab shakllantiriladi. Qaysi tilda o‘qishga talab bo‘lsa, o‘sha sinf ochiladi. Maktablarni ochish yoki yopishga oid alohida davlat dasturi yo‘q. Bu tabiiy jarayon. Bizning asosiy vazifamiz — har qanday ta’lim muassasasida sifatli ta’limni ta’minlashdir”, — degan vazir G‘ani Beysembayev.
Qayerlarda rus maktablari qisqarmoqda?
2020/2021-o‘quv yilida 1160 ta bo‘lgan faqat rus tilidagi maktablar soni 2024/2025-o‘quv yilida 970 taga tushgan. Shu davrda o‘quvchilar soni ham 394,6 ming nafardan 310,5 ming nafarga kamaygan.
So‘nggi besh yilda qozoq tilida o‘qiyotgan o‘quvchilar soni 1 foizga ko‘paygan. Biroq rus tilida ta’lim olayotgan bolalar soni ham aralash maktablar hisobiga qariyb 122 ming nafarga oshgan. Shu bilan birga, qozoq millatiga mansub bolalarning ona tilini tanlash ulushi 84,62 foizdan 83,82 foizga pasaygan, rus tilida ta’limni tanlagan qozoq o‘quvchilarning ulushi esa 15,34 foizdan 16,14 foizga ko‘tarilgan.
Rus tilidagi maktablarning aksariyati — 970 ta maktabning 710 tasi — qishloq joylarda, asosan shimoliy va markaziy hududlarda joylashgan. Bu kichik sig‘imli maktablarda atigi 75 ming bola o‘qimoqda. Shahar hududlaridagi 260 ta maktabda esa 235,7 ming o‘quvchi bor.
Asosan qishloq joylarida joylashgan va yetarli o‘quvchi to‘plana olmagan maktablar yopilgan.
Hozirgi vaqtda Qozog‘istonning uch hududida — Qizilo‘rda viloyati, Ulytau viloyati va Shimkent shahrida faqat rus tilida ta’lim beradigan maktablar qolmagan. Biroq 2023-yilda imzolangan hukumatlararo kelishuvga ko‘ra, Rossiya ushbu hududlarda bittadan maktab qurib berishi belgilangan.
