Birinchi kursga grant asosida qabul qilingan talabalarning granti faqat 1 yil uchun amal qiladi

Birinchi kursga grant asosida qabul qilingan talabalarning granti faqat 1 yil uchun amal qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga davlat grantlarini taqdim etish va ularni qayta taqsimlash bo‘yicha yangi tartib joriy etilgan.

 

Mazkur tartib 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat hamda magistratura bosqichlariga qabul qilingan talabalardan boshlanadi.

 

Tartibga muvofiq, davlat granti endilikda 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. Ya’ni har yili ushbu grantlar talabalarning akademik yutuqlari va ijtimoiy faollik darajasiga qarab qayta taqsimlanadi. Bu esa grant ajratish jarayonining har yili baholab borilishini ta’minlaydi.

 

 

Davlat grantlarini ajratish va qayta taqsimlash tartibi qanday amalga oshiriladi?

 

Ta’lim grantlari ajratilishi ikki bosqich asosida amalga oshiriladi:

 

— Birinchi bosqich (1-kurs talabalari uchun):
Ta’lim grantlari oliy ta’lim muassasalariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasi doirasida, kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga beriladi. Ushbu grantlar faqat birinchi o‘quv yili uchun amal qiladi.

 

— Ikkinchi bosqich (2 va undan yuqori kurslar uchun):
Ikkinchi va undan keyingi o‘quv yillari uchun ta’lim grantlari har yili qayta taqsimlanadi. Bunda tanlov asosida grantlar yuqori akademik reytingga ega bo‘lgan va ijtimoiy faollik ko‘rsatgan talabalar o‘rtasida tabaqalashtirilgan tartibda taqsimlanadi.

 

Tanlovda ishtirok etish mezonlari qanday?

Ta’lim grantiga talabgorlar uchun oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi va erishgan yutuqlarini asoslovchi hujjatlarni taqdim etishi zarur hisoblanadi.

 

Talabgorlardan Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (GPA) kamida 3,5 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi.

 

O‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha muayyan o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi 3,5 dan past bo‘lgan talabalarning ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi. Biroq ular keyingi o‘quv yili uchun grant ajratish jarayonida yana ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

 

Baholash mezonlari va ballar taqsimoti tartibi

 

Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan ta’lim grantiga talabgorlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hisoblab chiqiladi va mutanosib tarzda 80 ballik mezonda baholanadi hamda ushbu komissiya bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
Ta’lim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan aniqlanadi va 20 ballik mezonda baholanib, ushbu komissiya bayoni bilan rasmiylashtiriladi.

 

Shunday qilib, har bir talabgor uchun maksimal 100 ballgacha yig‘ish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

 

Agar talabalarning ballari teng bo‘lib qolsa, qanday tartib qo‘llaniladi?

 

Agar tanlov natijasida ikki yoki undan ortiq talabalar bir xil natija ko‘rsatgan bo‘lsa, ustuvorlik akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga beriladi. Ya’ni, ikki talabaning natijasi teng bo’lsa, ular orasidan akademik o’zlashtirishi yuqori bo’lgan biri grantga egalik qilishi mumkin bo’ladi.

 

Agar akademik ko‘rsatkichlar ham teng bo‘lsa, u holda ushbu talabalar o‘rtasida o‘zlashtirilgan semestrlarda o‘tilgan mutaxassislik fanlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Sinovlar tartibi, muddatlari, test savollarining soni va baholash mezonlari oliy ta’lim muassasasi rektori (yoki direktori) tomonidan belgilanadi.

 

Grantlar qayta taqsimlanmaydigan holatlar ham mavjud

 

Ba’zi holatlarda talabalarning grant o‘rni qayta taqsimlashda hisobga olinmaydi. Jumladan, quyidagi holatlarda:

 

– qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘qishi davlat granti asosida tiklanishi mumkin bo‘lgan talabalar chetlashtirilganda;

 

– talaba belgilangan tartibda akademik ta’til olganda;
– talaba akademik mobillik dasturlari asosida hamkor oliy ta’lim tashkilotida tahsil olish uchun bir o‘quv yilidan ko‘p bo‘lmagan muddatga ketganda.

 

Mazkur holatlardagi talabalar o‘qishga qaytganidan so‘ng, navbatdagi grant taqsimotida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.

 

Eslatma: Oliy ta’lim tashkiloti grantiga talabgorlar o‘z arizalari bilan har yili 20-iyulga qadar oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.