Endi barcha pedagoglar har 5 yilda majburiy attestatsiyaga jalb etiladi, hatto pensiya yoshidagilar ham

Endi barcha pedagoglar har 5 yilda majburiy attestatsiyaga jalb etiladi, hatto pensiya yoshidagilar ham

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-son qarori bilan pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi takomillashtirildi. Qarorga binoan pedagog xodimlarga umrbod malaka toifasi berish tartibi bekor qilinib, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab barcha pedagoglar har 5 yilda attestatsiya test sinovlariga jalb qilinishi belgilandi.

 

Bunda 2025-yil 1-sentyabrga qadar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmagan, shuningdek, attestatsiyadan o‘tganlik muddati tugagan va amaldagi malaka toifasi saqlanib qolgan quyidagi pedagoglar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi hamda ularga amaldagi malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lashda davom ettiriladi:

 

–  oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega bo‘lganidan so‘ng ushbu toifani (lavozimini) 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan;

 

–  pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan;

 

–  yoshlarga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt qolgan;

 

–  pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan pensiya yoshiga to‘lgan pedagoglar;

 

Quyidagi talablaridan biriga javob beradigan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifasi (lavozimi) beriladi:

 

–  pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan pedagoglarga — ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi);

 

–  yoshlarga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt qolgan pedagoglarga — ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi);

 

–  oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega bo‘lganidan so‘ng ushbu toifani (lavozimini) 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan pedagoglarga — oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi).

 

Ya’ni, yuqoridagi mezonlarga to‘liq mos keladigan pedagoglar 2025-yil 1-sentabrgacha ushbu talablarni bajargan bo‘lishi kerak.

 

Eslatma! Yuqoridagi mezonlarga mos kelmaydigan pedagoglar esa keyinchalik oliy malaka toifasiga ega bo‘lganidan so‘ng ushbu toifani 15 yil davomida saqlab, uzluksiz ish stajiga ega bo‘lganda ham, pensiya yoshiga yetganda ham va boshqa hollarda ham har 5 yilda majburiy attestatsiyadan o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

 

Ma’lumki, Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni 41-moddasiga koʻra normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qoʻllaniladi.

 

Shu sababli, 2025-yil 1-sentyabrga qadar attestatsiyaga jalb qilinmasligi belgilangan, ya’ni umrbodlik malaka toifasiga ega bo’lgan  pedagog xodimlar 1-sentyabrdan keyin ham majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydi.

 

Masalan, bahor oyida yuqoridagi mezonlarga mos tushadigan pedagog malaka toifasi oldi va iyun oyida uning pedagogik faoliyat bo‘yicha ish stajiga 25 yil to‘ldi, deylik. Ana shu vaziyatda pedagog xodim ushbu malaka toifasini bir umr saqlab qola oladi.

 

2025-yil 1-sentyabrga qadar umrbod malaka toifasini saqlab qolish huquqiga ega bo‘lgan pedagog xodimlarga ham malaka toifasi muddati tugagan vaqtgagina amaldagi malaka toifasi qayta beriladi va shu malaka toifasi saqlanib qoladi.

 

Ammo, 1-sentyabrgacha umrbodlik malaka toifasiga ega bo’lmagan har qaysi pedagog har 5 yilda majburiy attestatsiyaga jalb etiladi. Bunda pedagogning necha yillik ish stajiga ega ekanligi yoki pensiya yoshiga yetgan yoki yetmaganligan qa’iy nazar majburiy attestatsiyada ishtirok etadi.