Hukumatning 2025-yilning 6-avgust kuni 498-son qarori bilan “Oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini kompleks hamda maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish quyidagi bosqichlardan iborat:
1-bosqich – arizani rasmiylashtirish;
2-bosqich – taʼlim sifatini ichki baholash;
3-bosqich – taʼlim sifatini tashqi baholash;
4-bosqich – davlat akkreditatsiyasi boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish.
Taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish toʻgʻrisida arizalar kelgusi oʻquv yilida faoliyatini boshlash uchun har yili 1-oktyabrdan kelgusi yilning 31-yanvarigacha qabul qilinadi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
– litsenziya/yuridik shaxsning guvohnoma nusxasi;
– arizani koʻrib chiqish uchun belgilangan miqdordagi yigʻimlarni amalga oshirganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
– davlat akkreditatsiyasi jarayonlariga biriktirilgan masʼul xodimning maʼlumotlari.
Arizalar 15 ish kunida koʻrib chiqiladi.
Taʼlim dasturi “davlat akkreditatsiyasidan oʻtdi” deb eʼtirof etilganda, maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikat 1 hafta muddatda beriladi va mazkur taʼlim dasturi boʻyicha kadrlar tayyorlashga ruxsat etiladi.
