2-3-4-5 kurs uchun sirtqi taʼlim shakliga perevod qilishda konsaltinglar orqali soxta hujjatlar tayyorlanib xususiy universitetga topshirilayotganligi haqida Xushnudbek o‘z telegram sahifasida yozgan edi. Bu bo’yicha tadbirkor Bektosh Xatamov telegram sahifasida o’z fikrini bildirdi.
Uning aytishicha, bu shunchaki oqibatlar, sirtqi taʼlim ish bermaydi, sifatsiz deb yopish qarorining oqibatlaridan biri bu aslida, yaʼni davlat oʻz yoʻli bilan fuqarolarni shunday qingʻir ishlar qilishga undamoqda.
‘‘Bir paytlar dollarning rasmiy kursi va koʻcha kursi boʻlar edi, hamma narsa dollarda hisob-kitob qilinadigan davlatda bankdan bir chorakda faqatgina 2000 dollar rasmiy sotib olish mumkin edi, noqonuniy dollar aylanmasi jinoyat, lekin hamma jinoyat qilar edi, oʻsha paytlarda jinoyat qilmagan fuqaroning oʻzi boʻlmagan boʻlsa kerak.
Yoki oʻqishga kiritib qoʻyishni eslang, hamma oʻqishga kiritgich edi, oʻqishga kirish uchun abituriyentning bir yilda bir martagina imkoniyati bor edi, super kontrakt tizimi va xususiylarga yoʻl ochilishi shunchaki oʻqishga kiritib qoʻyish bilan bogʻliq jinoyatlarni yoʻqqa chiqarib yubordi’’, — deb yozgan u.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, sirtqi taʼlim shakli uchun baʼzi bir universitetlarning minglab talabalarni HEMIS platformasiga qisqa vaqt ichida kiritishi bularning barchasi hujjatlarni soxtalashtirganini anglatmaydi.
‘‘Hatto oʻsha hujjat soxtakorligi ham aslida mana shunga oʻxshash oʻylanmay qabul qilingan qarorning oqibati xolos. Birinchidan, hech qanday asoslarsiz, hech qanday tadqiqotlarsiz sirtqi taʼlim sifatsiz deb bir kunda qaror qabul qilinib yopib tashlandi, lekin vaholanki bu taʼlim shakli uchun bozorda talab bor edi, bu talab hech qayerga yoʻqolgani yoʻq.
Talab bor ekanki, taklif albatta paydo boʻladi, voooyyy bunaqa boʻlib ketibdi, palonchi xususiy universitet paloncha talaba olibdi deyishdan oldin sabablarni oʻrganish kerak menimcha’’, — yozadi tadbirkor.
Ikkinchidan, HEMIS Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga qarashli platforma, yaʼni bu platformaning regulyatori vazirlik, regulyator oʻzi shuncha talaba qoʻshishga yoʻl qoʻyib bergani ham bir sabab emasmi?
‘‘Regulyator xohlasa, 1-oktyabrdan keyin birorta ham yangi talabani platformaga qoʻshib boʻlmaydigan qilib qoʻyishi mumkin, 2025-yil 1-yanvardan 3-iyulgacha 41 ming 812 nafar talaba HEMIS tizimiga kiritilgan, shundan 25 ming 821 nafari sirtqi taʼlimga qoʻshilgan ekan. Buncha talabani platformaga qoʻshishga imkoniyat berilgan ekanki, talabalarni qoʻshishgan.
Men sirtqiga soxta hujjatlar bilan ham qabul qilaversin, bu yaxshi demoqchi emasman, lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor, biror bir xususiy universitet, konsalting soxta hujjat qilishi bu shunchaki oqibatlar, biz esa sabablar bilan kurashishimiz kerak emasmi?’’ — deb qo’shimcha qilgan tadbirkor Bektosh Xatamov.
Hemis platformasi haqida
Bundan tashqari, tadbirkor Hemis tizimi haqida ham o’z fikrini qoldirgan.
Uning so’zlariga ko’ra, agar shu platforma boʻlmaganda hozir qancha talaba, qachon tizimga qoʻshilganini ham bilolmas edi va bu maʼlumotlarni aniqlashning imkoni boʻlmas edi.
‘‘Yuqoridagi postda vazirlik HEMIS ga talaba qoʻshish imkoniyatini cheklashi kerakligini aytgan edim, ammo unday qilinadigan boʻlsa, kech toʻlov qilganlar, hujjatlarini kech olib kelgan, shartnomani kech olgan talabalar uchun qiyin vaziyat yuzaga kelib qolar ekan.
Bu masʼuliyat xususiy universitet rektorlariga yuklatilgan ekan, yaʼni universitet rektori kimni qachon qoʻshishni oʻz masʼuliyati doirasida hal qila oladi, lekin masʼuliyat boʻlsa, demak javobgarligi ham boʻlishi kerak.
Tizim bor ekanki, shuncha talaba qoʻshib qoʻyilganligi maʼlum boʻldi, endi shuni oʻsha universitetlarda bittalab oʻrganib chiqish va shunga koʻra oʻsha universitetlarga chora koʻrish mumkin, lekin bir-ikki universitetni deb barcha xususiy universitetlarni yomonotliq qilish toʻgʻri emas deb oʻylayman’’, — yozadi tadbirkor.
Shundan so’ng, ayrim talabalarning soxta hujjatlar asosida oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilingani haqidagi xabarlar muhokamalarga sabab bo‘layotgani yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu borada rasmiy munosabatini bildirgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda konsalting kompaniyalari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiyadagi oliygohlarda oʻqiydi, degan soxta hujjatlar asosida Oʻzbekistondagi xususiy universitetlarning 2-, 3- yoki 4-kurslariga oʻqishga koʻchirib berayotgani haqida xabarlar bo’yicha ayrim xususiy universitetlar bilan suhbatlashilgani haqida material chiqarilgan edi.


