Stol o‘yinlari bolalarning hisoblash ko‘nikmalarini rivojlantiradi — tadqiqot

Stol o‘yinlari bolalarning hisoblash ko‘nikmalarini rivojlantiradi — tadqiqot

Stol o‘yinlari bolalarning matematik ko‘nikmalarini rivojlantirishda samarali vosita bo‘lishi mumkin. Chililik olimlarning tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, bunday o‘yinlarni ta’lim jarayoniga qo‘shish tavsiya etiladi. Mazkur ilmiy ish Early Years jurnalida chop etilgan.

 

 

Tadqiqotchilar so‘nggi 23 yil davomida chop etilgan 19 ta ilmiy maqolani tahlil qilgan. Ulardan faqat bittasi istisno bo‘lib, qolganlarining barchasi 3 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan bolalarning matematik qobiliyatlari va raqamlarga asoslangan stol o‘yinlari (masalan, domino, monopoliya kabi figurani kataklar bo‘ylab harakatlantirishga asoslangan o‘yinlar) o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgangan.

 

 

Tadqiqotlarda bolalar o‘rtacha 1,5 oy davomida haftasiga ikki marta 20 daqiqalik maxsus o‘yin mashg‘ulotlarida qatnashgan. Muhim jihatlardan biri shuki, bu mashg‘ulotlarda ishtirok etgan o‘qituvchilar va boshqa katta yoshdagilar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, ya’ni stol o‘yinlarini ta’limda to‘g‘ri qo‘llashni o‘rgangan.

 

Stol o‘yinlari bolalarning hisoblash ko‘nikmalarini rivojlantiradi — tadqiqot

 

Bolalarni taqqoslash uchun turli guruhlar tashkil etilgan: ayrim hollarda nazorat guruhi raqamlarga aloqasi bo‘lmagan o‘yinlarda qatnashgan bo‘lsa, boshqa hollarda konkret matematik ko‘nikmalar shakllanishi kuzatilgan.

 

 

Eksperimentdan oldin va keyin barcha bolalarga matematik testlar o‘tkazilgan. Bu testlarda raqamlarni nomlash, ketma-ketlikda joylashtirish, miqdoriy qiymatlarni baholash, qo‘shish va ayirish kabi ko‘nikmalar tekshirilgan. Ba’zi tadqiqotlarda bolalarning matematikaga bo‘lgan qiziqishi ham o‘rganilgan.

 

 

Natijalarga ko‘ra, raqamlarga asoslangan stol o‘yinlari bolalarning yuqoridagi barcha matematik ko‘nikmalarini yaxshilagan. Eksperimentdan so‘ng test natijalarining 52% dan ortig‘ida ijobiy o‘zgarish qayd etilgan. Raqamlarga asoslangan o‘yinlar bilan bog‘liq bo‘lmagan o‘yinlarga nisbatan 32% tadqiqotda ular samaraliroq ekani aniqlangan. Biroq, bunday o‘yinlar bolalarning matematikaga qiziqishiga deyarli ta’sir qilmagan.

 

 

Tadqiqotchilar xulosa qiladiki, agar o‘qituvchilar va boshqa katta yoshdagilar o‘yin jarayonini to‘g‘ri tashkil qilsalar, stol o‘yinlari bolalarning matematik ko‘nikmalarini rivojlantirishda samarali vosita bo‘lishi mumkin. Olimlar ushbu o‘yinlarni maktab dasturlariga kiritishni tavsiya etishmoqda.

 

Stol o‘yinlari bolalarning hisoblash ko‘nikmalarini rivojlantiradi — tadqiqot

 

Stol o‘yinlarining boshqa faoliyatlardan farqli jihatlari quyidagilardan iborat:

 

– ular qat’iy qoidalarga ega bo‘lib, unda harakatlar, figuralar va yurishlar soni cheklangan;

 

– yurishlar natijasida o‘yin maydonidagi vaziyat o‘zgaradi.

 

 

Bu xususiyatlar stol o‘yinlarida o‘quv dasturlariga mos turli o‘yin holatlarini shakllantirish imkonini beradi. Shunga qaramay, bunday o‘yinlar hanuzgacha dunyo bo‘yicha ta’lim tizimida kam qo‘llaniladi.

 

 

Tadqiqotchilar fikricha, bu yo‘nalishda — ya’ni o‘yinlarning boshqa kognitiv (bilish) qobiliyatlar va umuman rivojlanishga ta’sirini o‘rganish — hali davom ettirilishi zarur.