Toshkent shahrida magistratura bosqichiga oʻqishga kirish uchun B1 sertifikatini olib berishni vaʼda qilgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Uchtepa tuman boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.E. va boshqalar fuqaro N.A. ning ishonchiga kirib, unga magistratura bosqichiga oʻqishga kirishi uchun tanishlari yordamida 1 900 AQSH dollari evaziga B1 sertifikatini olib berishlarini vaʼda qilgan. Ular oldindan 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bildirishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Avvalroq, Toshkent va Fargʻona shaharlarida oliy taʼlim muassasalariga noqonuniy oʻqishga kiritish holatlari aniqlangandi. Unda universitetning kafedra oʻqituvchisi oʻzining mansabdor tanishlari orqali poytaxtlik fuqaroni mazkur oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 4000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
