Pedagoglarni sun’iy intellektga o‘rgatish uchun Microsoft, OpenAI va o‘qituvchilar federatsiyasi bilan hamkorlik qilishi mumkin

Pedagoglarni sun’iy intellektga o‘rgatish uchun Microsoft, OpenAI va o‘qituvchilar federatsiyasi bilan hamkorlik qilishi mumkin

Sun’iy intellekt sohasidagi yirik kompaniyalar – Microsoft, OpenAI va Anthropic – Amerika o‘qituvchilar federatsiyasi (AFT) bilan hamkorlik qilib, o‘qituvchilarga sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatish bo‘yicha bepul treninglarni boshlamoqda.

 

 

Ushbu tashabbusga kompaniyalar keyingi 5 yil davomida 23 million dollar ajratishni rejalashtirgan. Mablag‘ Nyu-York shahrida tashkil etiladigan Sun’iy intellekt bo‘yicha Milliy taʼlim akademiyasi faoliyatiga yo‘naltiriladi. Akademiya bu yil kuzda Nyu-Yorkdagi o‘qituvchilar bilan ish boshlashini va keyinchalik butun AQSh bo‘ylab kengaytirilishini bildirgan.

 

 

Ma’lum qilinishicha, o‘qituvchilarga malaka oshirish kurslari, sertifikatlar, onlayn darslar, seminarlar va doimiy ko‘mak taqdim etiladi. Akademiya ishlanmalari o‘qituvchilarning sinfdagi tajribalari va fikr-mulohazalari asosida takomillashtirib boriladi. AFT ushbu loyiha orqali 400 ming nafar o‘qituvchini qamrab olishni maqsad qilgan.

 

Pedagoglarni sun’iy intellektga o‘rgatish uchun Microsoft, OpenAI va o‘qituvchilar federatsiyasi bilan hamkorlik qilishi mumkin

 

Amerika o‘qituvchilar federatsiyasi (AFT) prezidenti Randi Vayngartenning aytishicha, o‘qituvchilar katta muammolarga duch kelmoqda va ularning biri – sun’iy intellektdan oqilona, xavfsiz foydalanishni o‘rganishdir.

 

“Sun’iy intellekt dunyoni tubdan o‘zgartiradi. Savol shunda – biz bu jarayon ortidan quvib yuramizmi yoki uni boshqarishni o‘zimiz qo‘limizga olamizmi?” — deydi Vayngarten.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha o‘qituvchilarga AI vositalaridan dars jarayonida samarali foydalanish, o‘quvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish, hamda ularni sun’iy intellekt keng qo‘llaniladigan kelajak iqtisodiyotiga tayyorlash imkonini beradi.

 

“Ta’lim markazida texnologiya emas, inson turadi. Sun’iy intellekt vositasi – bu o‘qituvchilar, o‘quvchilar va jamoatchilik foydalanishi kerak bo‘lgan vosita, aksincha emas,” — taʼkidlaydi Vayngarten.

 

Ko‘plab vaʼdalar, yetarlimi?

 

AFT tashabbusi Oq Uy tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbuslar fonida eʼlon qilingan. Unda 68 ta kompaniya va nodavlat tashkilotlar, jumladan Microsoft va OpenAI, maktablarda sun’iy intellekt ko‘nikmalarini o‘rgatishni qo‘llab-quvvatlash majburiyatini zimmasiga olgan.

 

Pedagoglarni sun’iy intellektga o‘rgatish uchun Microsoft, OpenAI va o‘qituvchilar federatsiyasi bilan hamkorlik qilishi mumkin

 

Bu kompaniyalar sun’iy intellektga erta qiziqish uyg‘otish, savodxonlikni oshirish va o‘qituvchilarga treninglar taqdim etishni va’da qilgan. Ular pul, grantlar, o‘quv materiallari, texnologiyalar va mutaxassislar yordamini taklif qilishni rejalashtirgan.

 

 

Biroq, ushbu vaʼdalarda ko‘plab savollar ochiq qolmoqda: Qaysi kompaniya qancha mablag‘ ajratadi, mablag‘lar kimlarga yo‘naltiriladi, o‘quv materiallari bepul bo‘ladimi yoki pullik, kompaniyalar maktablar bilan bevosita ishlaydimi yoki yo‘q?

 

 

Jamoat manfaatlari bo‘yicha Maxfiylik Markazi prezidenti Amelia Vensning fikricha, tashkilotlarning niyati yaxshi, lekin kompaniyalar nafaqat vaʼda berishi, balki aniq rejalar bilan chiqishi, hamda hukumat ular vaʼda qilayotgan mahsulot xavfsizligini nazorat qilishi zarur.

 

“Bu ishga pul ajratilayotganini ko‘rish quvonarli, lekin kompaniyalar sun’iy intellekt imkoniyatlarini bo‘rttirmasligi kerak”, — deydi Vens.

 

Vens, shuningdek, o‘qituvchilarni sun’iy intellekt vositalaridan o‘quvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilgan holda qanday foydalanishni o‘rgatish zarurligini taʼkidlaydi. Masalan, o‘qituvchi: “Beshinchi sinfda o‘qiydigan Bill Jonson uchun individual o‘quv rejasini tuzib bering,” deyish o‘rniga, “Beshinchi sinfdagi disleksiyali o‘quvchi uchun beshta o‘quv maqsadini tavsiya eting,” deb umumiy tarzda murojaat qilishi kerak.

 

Pedagoglarni sun’iy intellektga o‘rgatish uchun Microsoft, OpenAI va o‘qituvchilar federatsiyasi bilan hamkorlik qilishi mumkin

 

AI bo‘yicha o‘qituvchilarning malakasini oshirishga qiziqish oshmoqda

 

RAND Corporation tadqiqotiga ko‘ra, maktab tumanlarida sun’iy intellekt bo‘yicha o‘qituvchilarni tayyorlash ishlari tobora kengaymoqda.

 

 

2023-yil kuzida o‘qituvchilarga AI bo‘yicha trening o‘tkazgan tumanlar ulushi 23 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yil kuzida bu ko‘rsatkich 48 foizga yetgan. RAND mutaxassislarining hisob-kitobiga ko‘ra, agar tumanlar rejalashtirgan loyihalarni amalga oshirsa, 2025-yil kuziga borib o‘qituvchilarning deyarli to‘rtdan uch qismi sun’iy intellekt bo‘yicha treningdan o‘tadi.