Bahorgi attestatsiyada qatnashgan o‘qituvchilar vazirlikni 6 marta sudga bergani ma’lum bo‘ldi

Bahorgi attestatsiyada qatnashgan o‘qituvchilar vazirlikni 6 marta sudga bergani ma’lum bo‘ldi

Xabaringiz bor, yaqinda bir guruh oʻqituvchilar attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligini yuzasidan sudga daʼvo arizasi kiritilgani haqida xabar bergan edik.

 

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi Sardor Raximboyevning Gazeta.uz nashriga bergan maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil aprel-may oylaridagi attestatsiya imtihoni boʻyicha shu vaqtga qadar vazirlik 5 marta turli fan oʻqituvchilari tomonidan sudga berilgan.

 

 

Ularning toʻrttasida vazirlik yutgan, bittasida esa sud tomonidan tayinlangan mustaqil ekspertlar attestatsiya savolida xatolik mavjudligini aniqlagan va vazirlik tomonidan da’vogar oʻqituvchiga ball qoʻshib beriladigan boʻlgan.

 

 

2025-yil aprel-may oylaridagi attestatsiya imtihoni boʻyicha yaqinda sudga kiritilgan daʼvo arizasi oltinchisi hisoblanib, mazkur sud ishi endi koʻrib chiqilishi kutilmoqda.

 

Bahorgi attestatsiyada qatnashgan pedagoglar qanday natija koʻrsatdi?

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi masʼul xodimi Sardor Raximboyevning taʼkidlashicha, 2025-yil aprel-may oylarida o‘tkazilgan attestatsiya test sinovlarida davlat maktablarida faoliyat yuritayotgan 40,9 ming nafar ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisidan 15 993 nafari qatnashgan.

 

 

Attestatsiya natijalariga ko‘ra:

 

 

– 1 148 nafar (14,6 %) o‘qituvchining malaka toifasi oshirilgan;

 

– 2 331 nafar o‘qituvchining toifasi yangi 5 yillik muddatga saqlab qolingan;

 

– 912 nafar (5,7 %) o‘qituvchilarning toifasi pasaygan;

 

– 11 697 nafar (73,1 %) o‘qituvchilar salbiy natija ko‘rsatgan, ammo ular attestatsiyada navbatdan tashqari qatnashgani sababli toifasi o‘zgarmagan.

Xato savollar uchun oʻqituvchilarga ball qoʻshib berilgan

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi Sardor Raximboyev xato savollar uchun koʻplab oʻqituvchilarga ball qoʻshib berilganini aytgan.

 

 

“Dunyodagi barcha testlash tizimlarida xato savollar uchrab turadi, albatta. Afsuski, test savollari orasida shu vaqtgacha ham ayrim xatolar boʻlgan va bundan keyin ham boʻlishi mumkin. Bu yilgi attestatsiya sinovlarida ham sanoqli xato savollar uchraganini tan olish kerak.

 

Bu savollar uchun koʻplab oʻqituvchilarga ball qoʻshib berildi. Bitta savolning xatoligi aniqlansa, oʻsha savol kimga tushgan boʻlsa, hamma qatnashchilarga ball qoʻshib beriladi”, — deb taʼkidlagan u.

 

 

Eslatib oʻtamiz, 2025-yil aprel-may oylaridagi attestatsiya imtihoni yuzasidan shikoyat boʻyicha oxirgi sud qachon boshlanishi hozircha maʼlum emas.