Bir guruh o‘qituvchilar attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga berdi. Bu haqda “Xalq ta’limi info” manbasiga tayanib daryo.uz xabar berdi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 15-apreldan 14-maygacha pedagoglar uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashgandi.
Attestatsiya natijalariga ko‘ra, 10 504 nafar pedagog oliy toifa, 23 200 nafar pedagog birinchi toifa, 27 805 nafar pedagog ikkinchi toifa uchun yetarli ball to‘plab, ijobiy natijalar qayd etgan. Shuningdek, 6 603 nafar pedagog mutaxassis lavozimini saqlab qolgan. Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija ko‘rsatgan. Ammo 104 mingga yaqin (58,9 foiz) pedagoglar attestatsiyadan o‘tolmagan.
Pedagoglar noroziligi
Attestatsiya test sinovlari davom etayotgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fan o‘qituvchilarining attestatsiyada tushgan test savollaridan norozi ekanligi aks etgan xabarlar tarqalgan edi.
Da’vo arizasida pedagoglar attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish, ularga yetkazilgan ma’naviy zarar va vakillik xarajatlarini undirish bo‘yicha talablar ilgari surgan. Ayrim hollarda esa testlarning mavzuga aloqador emasligi bilan izohlagan.
Test sinovlari davomida ayrim o‘qituvchilar ijtimoiy tarmoqlarda test savollarining murakkabligi va mavzuga aloqador emasligi bo‘yicha norozilik bildirib chiqqan edi. Vazir o‘rinbosari Sardor Rajabov bu borada shikoyatlar mavjud bo‘lsa, apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish mumkinligini eslatgan. Biroq o‘qituvchilarning aytishicha, apellyatsiya komissiyasi arizalarga bir xil mazmundagi javoblar bilan yuborilgan.

Foto: “Xalq ta’limi info”
Sudga taqdim etilgan da’vo arizasida attestatsiya jarayoniga oid 9 ta e’tirozli holat keltirilgan. Jumladan, test savollarining murakkabligi belgilangan vaqtga mutanosib emasligi, validlik va testologiya talablariga rioya etilmaganligi asosiy e’tiroz sifatida ko‘rsatilgan.
Shuningdek, da’vo arizasida keltirilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi apellyatsiya komissiyasi tomonidan pedagoglarning shikoyatlari asosli, huquqiy va daliliy baholanmasdan, “asossiz” deya topilib, rad etilgan.
Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yildagi 572-sonli qarorning 60-bandida apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi apellyatsiya komissiyasi qarori chiqqan kundan e’tiboran 5 kun muddatda murojaat etuvchi pedagog kadrning shaxsiy kabinetiga yuborilishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, ushbu talablar vakolatli organ tomonidan bajarilmagan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga pedagog kadrning bilimi noto‘g‘ri baholangani, o‘quv fani bo‘yicha test va malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar borligi, shuningdek, sinovlarni o‘tkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar bo‘lgani sababli attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, shuningdek pedagoglarga yetkazilgan ma’naviy zararni undirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilgan.
