Nodavlat ta’lim sohasi tadbirkori Bektosh Xatamovning ta’kidlashicha, 2025–2026 o‘quv yilida O‘zbekiston OTMlari kunduzgi shaklda 200 ming nafar, boshqa shakllarda esa 100 ming nafar yoshni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Bu cheklov 2024-yil 17-maydagi PF–76-sonli Prezident farmoni asosida joriy etilgan bo‘lib, unga ko‘ra boshqa shakldagi qabul kunduzgi shaklning 50 foizidan oshmasligi kerak.
Ta’kidlanishicha, bugungi kundagi real ehtiyoj shuni ko‘rsatmoqdaki, sirtqi va masofaviy ta’limga talab keskin ortib bormoqda. Ammo mavjud OTMlarga masofaviy ta’lim bo‘yicha faoliyat yuritishga ruxsat berish jarayoni sust ketmoqda.
VM–403-son qaror (ta’lim tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi hujjat) hali kuchga kirmagan, ammo qabul davri yakuniga yetmoqda. Bu oraliqda minglab yoshlar ta’limni xorijda davom ettirish uchun boshqa davlatlarni tanlamoqda.
Bektosh Xatamovning bergan hisob-kitoblariga ko‘ra, yiliga 75–90 ming nafar yosh qo‘shni davlatlarga sirtqi yoki masofaviy ta’lim olish maqsadida chiqib ketmoqda.
«Har bir talaba hisobiga o‘rtacha 2000 AQSh dollari mablag‘ xorijiy OTMlarga to‘lanayotganini inobatga olsak, bu yiliga kamida 150 million dollar miqdorida mablag‘ning chetga chiqishi deganidir», — deydi u.
