‘‘Xato qilishdan qo‘rqish til to‘siqini yaratadi’’ — 14 ta tilni o‘rgangan Belorus o‘qituvchi

‘‘Xato qilishdan qo‘rqish til to‘siqini yaratadi’’ — 14 ta tilni o‘rgangan Belorus o‘qituvchi

Xorijiy tilni o‘rganish qanchalik qiyin ekanini yana bir bor gapirganda, oddiygina Nikolay Sherbitskiyni eslang — Belorus milliy texnika universiteti o‘qituvchisi va 14 ta tilni mukammal biluvchi poliglot. U buni qanday uddaladi, qaysi til eng qiyin bo‘ldi va xorijiy tilni o‘rganishdagi muvaffaqiyat siri nimada ekanini ochiqladi. Nikolay ona tillari rus va belorus tillaridan tashqari ingliz, shved, yapon, venger, xitoy, italyan, ispan, nemis, lotin, arab, turk va ivrit tillarini biladi.

 

 

‘‘Hammasi Robbi Uilyamsdan boshlandi’’

 

 

Nikolay hikoyasi oddiy bir lahzadan boshlandi, 5-sinf o‘quvchisi, maktab avtobusida uyga ketayotib, radiodan to‘satdan qo‘shiq eshitib qoladi. Birdan u anglab yetadi — qo‘shiqdagi ingliz tilidagi so‘zlarni tushunadi.

 

‘‘Bir payt men ijrochining nima aytayotganini tushundim. Bu juda ajoyib his edi. O‘shandan beri men qaror qildim: shu bilan shug‘ullanishim kerak, bu mening ishim — bu Robbi Uilyams edi’’, — deb eslaydi Nikolay.

 

Bu lahza uning uchun haqiqiy kashfiyot bo‘lganini ta’kidlagan.

 

 

“Til o‘rganish — bu jonivorni parvarishlashdek”

 

Nikolay uchun tillarni o‘rganish shunchaki qiziqish emas, balki dunyoni kashf qilish va kasbini qurish usulidir. U lingvistika va o‘qituvchilikni tanlaganida, bu o‘z qobiliyatlarini to‘liq ishlatish uchun amaliy qadam bo‘lgan.

 

‘‘Xato qilishdan qo‘rqish til to‘siqini yaratadi’’ — 14 ta tilni o‘rgangan Belorus o‘qituvchi

 

Til bilish menga erkinlik beradi: men ingliz tilini vengrlar uchun o‘rgatishim, bu yerda vengr tilini o‘qitishim, tarjima qilishim mumkin. Noyob tillar menga professional hayotda ko‘plab eshiklarni ochdi, — tushuntiradi u.

 

Ammo poliglot (ko’p tillarni biladigan va ularda erkin gaplasha oladigan odam) yo‘li har doim oson bo‘lmadi. Ba’zi tillar unga haqiqiy sinov bo‘ldi. Masalan, venger tili — eng qiyinlardan biri.

 

Venger tili juda qiyin, chunki u hech narsaga o‘xshamaydi. Venger tilining murakkabligi grammatikada, ko‘p kesimlarda va fonetikada eshitilishi g‘alati bo‘lishidadir. Ammo aynan shu qiyinchiliklar uni rag‘batlantirardi. Bundan tashqari, “kamchilik odamlar vengr tilini biladi, men bilaman — bu mening noyobligim!” degan fikr motivatsiya edi.

 

Qiyinchiliklarni yengish Nikolay uchun jarayonning bir qismi edi. U turli usullardan foydalangan. Xususan, venger musiqalarini tinglash, filmlarni ko‘rish, murakkab jumlalarni takrorlab ular to unga oddiy bo‘lib qolguncha jarayonni davom ettirgan.

 

Til o‘rganish daraxt yetishtirish yoki jonivorni parvarishlashga o‘xshaydi. Dastlab qiziqish paydo bo‘ladi. U restorandagi menyudan va qo‘shiqdan kelib chiqishi mumkin. Keyin o‘quv qo‘llanmalarini tanlayman, ular barcha til ko‘nikmalarini rivojlantiradi — o‘qish, yozish, gapirish, eshitish. Va keyin amaliy foydalanishga o‘taman, — deydi Nikolay Sherbitskiy.

 

Til bilimlari professional hayotda eshik ochdi

 

Nikolay uchun til bilish nafaqat muloqot vositasi, balki professional dunyoga yo‘l edi. Uning birinchi jiddiy ish tajribasi buning yaqqol isboti bo‘lgan.

 

Men hali talaba bo‘lib ishlaganimda, bir vakant uchun ariza topshirdim. Suhbat ingliz tilida bo‘lib, men muvaffaqiyatli o‘tdim. So‘rashdi: “Texnik mutaxassisliging bormi?” — “Ha.” — “Xitoy tilini bilasanmi?” — “Ha.” 20 nomzod bor edi, ko‘pchiligi tajribali, men esa tajribasiz, ammo tillarni bilardim. Bu menga yo‘lim to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatdi, — deydi u.

 

Noyob tillarni bilish Nikolayni hamkasblar orasida o‘qituvchilikda, tarjimada va xalqaro loyihalarda ishtirok etishda ajratib ko‘rsatgan. Masalan, u xorijiy talabalar uchun ingliz tilini o‘qitgan va Belarusda venger tilini o‘rgatgan, bu esa uning noyob mutaxassis sifatidagi obro‘sini mustahkamlagan.

 

 

Til bilish qiziqarli vaziyatlarni ham keltirib chiqaradi

 

Nikolay uchun ko‘p tillarni bilish nafaqat foyda, balki ko‘plab kulgili vaziyatlar ham olib kelgan. U eng sevimli hikoyalaridan birini xitoylik talabalar bilan bog‘laydi.

 

‘‘Xato qilishdan qo‘rqish til to‘siqini yaratadi’’ — 14 ta tilni o‘rgangan Belorus o‘qituvchi

 

Men ingliz tilini o‘rgatgan paytda ularga topshiriq berdim. Ular xitoy tilida shivirlashishni boshlashdi — men darhol ularning tilini bilayotganimni aytmadim. Bir bola qizga dedi: “Topshiriqni suratga ol, menga yubor, vaqt yetmayapti”. Qiz javob berdi: “Qila olmayman, u bizga qarayapti”. Bola: “U nima bo‘lsa ham tushunmaydi”. Men esa xitoy tilida aralashdim: “Men hamma narsani tushunaman”. Noqulay vaziyat bo‘ldi, ammo keyin uzoq kuldik, — deydi Nikolay Sherbitskiy.

 

Nikolay shuningdek, italyan va ispan tillari o‘rtasidagi chalkashlik haqida hikoya qiladi.

 

Men ispan tilini universitetda majburiy fan sifatida o‘rgandim, ammo bir vaqtning o‘zida italyan tilini mustaqil o‘rgandim, u menga yaqin edi. Bir kuni ispan darsida italyan tilida gapira boshladim — atigi besh daqiqadan keyin hamma meni g‘alati tomosha qila boshladi. O‘qituvchi mamnun emas edi, lekin keyin tushuntirdim — bu tasodif edi, — deb kuladi Nikolay. Bunday holatlar poliglot ham xatolardan xoli emasligini ko‘rsatadi, ammo aynan shu xatolar til o‘rganishni jonli va insoniy qiladi.

 

 

14 ta tilni yodda saqlash sirlari

 

Ko‘pchilik Nikolayga qanday qilib shuncha tilni esda saqlashiga hayrat bilan qaraydi. Ammo u uchun bu tabiiy jarayon hisoblanadi.

 

Doimiy foydalanadigan tillar — ingliz, rus, belorus tillari — doim qo‘limda. Kam ishlatiladigan tillar, masalan ivrit yoki lotin tilini “vaqtinchalik foydalanilmayotgan” holatda saqlayman. Zarur bo‘lsa, bir haftalik intensiv mashg‘ulotdan so‘ng erkin gapira olaman, — tushuntiradi u.

 

Bu qobiliyat nafaqat iste’dod, balki yillar davomida ishlab chiqilgan tizim natijasidir.

 

 

Til ko‘nikmalarini doimiy saqlash

 

Nikolay tillarni faol saqlash uchun muntazam mashq qiladi.

 

YouTube’da videolar ko‘raman, turli tillarda yangiliklarni o‘qiyman, qo‘shiqlar tinglayman. Hatto kuniga 10-15 daqiqa ham ko‘nikmani yo‘qotmaslikka yordam beradi, — deydi u.

 

Agar tilni tezda tiklash kerak bo‘lsa, u uni to‘liq egallaydi: kitob o‘qiydi, filmlar ko‘radi, grammatika takrorlaydi va ovoz chiqarib gapiradi. Bu usul bilimlarini moslashuvchan qiladi.

‘‘Xato qilishdan qo‘rqish til to‘siqini yaratadi’’ — 14 ta tilni o‘rgangan Belorus o‘qituvchi

 

Yangi tilni o‘rganish bo‘yicha poliglot tavsiyalari

 

Nikolay yangi tilni o‘rganmoqchi bo‘lganlarga o‘z tajribasini bemalol baham ko‘radi. Uning eng asosiy tavsiyasi juda oddiy:

 

Oling va boshlang! Eng muhimi — kechiktirmaslik. O‘zingizga yoqqan qo‘llanmani tanlang. Boshlash uchun har qanday darslik yaxshi, faqat u sizni qiziqtirishi kerak, — tavsiya qiladi Nikolay.

 

Asosiy muvaffaqiyat siri esa muntazamlikda.

 

Har kuni 10-15 daqiqa mashq qilish haftada bir soat o‘qishdan yaxshiroq. 15 daqiqada bir necha ifodani o‘rganish, qoidani tushunish yoki so‘zlarni takrorlash mumkin — bu tezroq rivojlanishga olib keladi, — deydi u.

 

Nikolay Sherbitskiyi faqat so‘zlarni bilish yetarli emasligini ta’kidlaydi.

 

Grammatikasi bo‘lmagan so‘zlar — yo‘riqnomasi bo‘lmagan konstruktor kabi: buyumlar bor, nima qilishni bilmayapsiz. So‘zlarni gaplarda, kontekstda o‘rganing. Boshlang‘ichda juda oddiy gaplar — 3-4 so‘zdan iborat bo‘lsa ham bo‘ladi. Ammo biz gapirganda miyamiz to‘g‘ri ishlaydi va yaxshi eslab qoladi. Xato qilishdan qo‘rqmang. Xato qilishdan qo‘rqish til to‘siqini yaratadi. Men talabalarga doim aytaman: xato bo‘lsa ham gapiring. Mashqlar soni vaqt o‘tishi bilan sifatga aylanadi. Qancha ko‘p amaliyot qilsangiz, shuncha gapirish qobiliyatingiz yaxshilanadi, — deydi u.

 

 

Xulosa qilib aytganda, Nikolay Sherbitskiy poliglotlik faqat qobiliyat emas, balki qiziqish, qat’iyat va tizimli yondashuv natijasidir. Uning tajribasi har birimizga yangi tilni o‘rganishga ilhom beradi.