Xitoyda o‘rta maktabni bitirgan har bir o‘quvchi uchun eng katta sinov bu — Gaokao. Bu nafaqat universitetga kirish uchun zarur bo‘lgan imtihon, balki millionlab oilalarning taqdirini belgilab beruvchi sinov hisoblanadi. Gaokao Xitoydagi ta’lim tizimining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib, u mamlakatdagi eng yirik milliy imtihon sifatida tan olingan.
Gaokao nima?
Gaokao (高考) – bu «Gaozhong Tongyi Kaoshi» (高等学校招生全国统一考试) so‘zining qisqartmasi bo‘lib, «Umummilliy oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihoni» degan ma’noni anglatadi. U har yili iyun oyining boshida bo‘lib o‘tadi va ikki kun davom etadi. Ba’zi hududlarda esa uch kunga ham cho‘zilishi mumkin.
Joriy yilgi Gaokao (高考) imtihoni 7-10-iyun kunlari o‘tkazildi. Avvalroq, 3 kun imtihon mobaynida mahalliy sun’iy intellekt platformalarining faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgani haqida xabar bergan edik.
Imtihon tarixi
Gaokao tizimi 1952-yilda Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan joriy etilgan. 1966–1976 yillardagi «Madaniy inqilob» davrida imtihon to‘xtatilgan, ammo 1977-yildan boshlab qayta tiklangan. Aynan shu davrdan boshlab Gaokao millionlab insonlar uchun jamiyatda yuqoriga ko‘tarilish, ijtimoiy status va davlat lavozimlarida ishlash uchun eng asosiy vositaga aylandi.
Imtihonga tayyorgarlik
Xitoyda o‘quvchilar Gaokaoga 3 yillik yuqori maktab davrining boshidanoq tayyorgarlik ko‘ra boshlaydilar. Ammo tayyorgarlik ko‘pincha undan ham oldin boshlanadi — ba’zi oila va maktablar bolasini 10–12 yoshidan boshlab «Gaokao rejimi» ga o’tkazishadi.
Maktablardagi mashg‘ulotlar ertalab soat 6:30 da boshlanadi va kechki 10:00 gacha davom etadi. Ko‘pchilik o‘quvchilar uchun bu davrda uyqu shunchaki orzuga aylanadi. Chunki darsdan keyin ham qo‘shimcha mashg‘ulotlar va testlarni bajarishadi. Ba’zi hududlarda hattoki maxsus «Gaokao tayyorlov internatlari» mavjud bo‘lib, u yerda o‘quvchilar butunlay tashqi dunyodan ajralib, faqat imtihonga tayyorlanadilar.
Imtihon qanday o‘tadi?
Gaokao 3–4 asosiy bo‘limdan iborat bo‘ladi:
Xitoy tili va adabiyoti;
Matematika;
Ingliz tili (yoki boshqa xorijiy til);
Ixtisoslik fanlari: Gumanitar blok (tarix, siyosat, geografiya) yoki Aniq fanlar (fizika, kimyo, biologiya)
Barcha fanlar bo‘yicha yozma testlar topshiriladi. Har bir testda nafaqat faktlarni eslab qolish, balki tanqidiy fikrlash va tahlil qilish talab qilinadi. Baholash tizimi o‘ta qat’iy — har bir ballning ahamiyati juda katta.
Imtihon nega bu qadar murakkab?
Xitoyda aholi soni juda ko’p va raqobat darajasi ham juda yuqori. Har yili 10 milliondan ortiq abituriyent ushbu imtihonni topshiradi. Yuqori reytingdagi universitetlarga kirish faqat eng yuqori ball to’plaganlarga nasib qiladi.
Bu imtihon oila, jamiyat va o‘qituvchilar tomonidan o‘ta katta bosim ostida o‘tiladi. Bolalar o‘z orzulari emas, balki butun oilaning umidini yelkasida his qilishadi.
Qattiq intizom, surunkali uyqusizlik, ijtimoiy hayotdan butunlay uzilish — bularning barchasi Gaokaoga tayyorgarlikning bir bo‘lagi.
Qiziqarli faktlar
Imtihon vaqtida ma’lum vaqt davomida har-xil «o’yinlar» bo’lmasligi uchun simsiz aloqa vositalari, internet vaqtincha o’chiriladi. Ba’zi joylarda imtihon vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatuvchilar va ruhiy yordam xizmatlari imtihon markazlari atrofida tayyor turadi.
Boy oilalar bola qulayroq hududda imtihon topshirishi uchun boshqa shaharga vaqtinchaga ko‘chib o‘tadilar.
Test javoblarini tekshirishda sun’iy intellektdan foydalaniladi. Javoblar avtomatlashtirilgan tizimlar orqali tekshiriladi, lekin eng yuqori ball to‘plaganlar javoblari inson tomonidan qayta tekshiriladi.
Imtihon natijasidan yoki universitetga qabuldan norozi bo‘lgan o‘quvchilar keyingi yilda Gaokaoni qayta topshirish huquqiga ega. Bu holat Xitoyda keng tarqalgan va odatiy hisoblanadi.
Imtihondan so‘ng, talaba hayoti faqat o‘qish bilan cheklanmaydi. Ko‘plab bitiruvchilar bu vaqtni sayohat qilish, vaqtinchalik ish topish yoki boshqa faoliyatlar bilan o‘tkazadilar.
Xulosa
Gaokao bu shunchaki test emas — bu Xitoy yoshlari uchun nochorlikni yengib o‘tish, katta shaharlarda o‘qish, xorijda o‘qish uchun stipendiya olish, davlat ishlarida ishlash yoki umuman oilaning kelajagini yaxshilash imkonidir.
Shu sababli bu imtihon Xitoy yoshlarining hayotidagi eng katta janglardan biri hisoblanadi. Va bu jangda yutganlar — nafaqat universitetga, balki jamiyatda yuqori maqomga ham ega bo‘ladilar.




