Abituriyent kirish imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish tugaganidan keyin IELTS sertifikatini qo‘shishi mumkinmi?

Abituriyent kirish imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish tugaganidan keyin IELTS sertifikatini qo‘shishi mumkinmi?

Xabaringiz bor, abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tishi haqida xabar bergan edik.

 

Qabul jarayoni bu yil qanday bo‘ladi?

 

Prezidentning 2024-yilgi ‘‘Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida’’gi farmoniga ko’ra, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkazilishi belgilangan.

 

Ushbu qarorga muvofiq qabul jarayonlari quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

 

1-bosqich: bunda abituriyentlar faqat test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan oliygohni tanlaydi.

 

Imtihonlar iyul–avgust oylarida o‘tkaziladi.

 

2-bosqich: abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi. Ya’ni o‘zining olgan baliga qarab, testlar o‘tib bo‘lgandan keyin, qaysi oliygohning qaysi yo‘nalishiga topshirishini tanlaydi. O‘ylab olish, tahlil qilish uchun 15 kun vaqt bo‘ladi.

 

Sertifikatni ro‘yxatdan o‘tish tugaganidan so‘ng qo‘shish mumkinmi?

 

2025/2026-o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili 1-fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi.

 

Endi abituriyentlarda savol tug‘ilishi mumkin. Davlat OTM ga ariza topshirish tugaganidan so‘ng xorijiy sertifikatni qo‘shib qo‘yish mumkin? Buni javobini bilish uchun Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot kotibi Javlon Nurmatov bilan bog‘landik.

 

‘‘25-iyunga qadar va shu kuni ham davlat OTM larga ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Lekin abituriyentning xalqaro sertifikati javobi 25-iyundan keyin chiqsa, qabul qilinmaydi’’, — deb javob berdi.

 

Ya’ni abituriyentning IELTS va boshqa sertifikatlarning javobi 25-iyun kuni soat 23:59 dan keyin chiqsa, sertifikat qabul qilinmaydi.