Qashqadaryoda o‘qituvchi bitiruvchilarga imtihon javoblarini pulladimi? (video)

Qashqadaryoda o‘qituvchi bitiruvchilarga imtihon javoblarini pulladimi? (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryodagi maktablardan birida o‘qituvchi bitiruvchi o‘quvchilardan imtihon javoblarini sotishga uringani tasvirlangan video tarqaldi.

 

 

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumanidagi 35-maktab oʻqituvchisi bitiruvchilarga ona tili va adabiyot fanidan boʻlib oʻtgan imtihonning javoblarini sotishga uringan. O‘qituvchi javoblar kompyuter xizmatlari ko‘rsatuvchiga sotishga berilganini aytib, agar xohlovchilar bo‘lsa 5000 so‘mdan sotib olishlari mumkinligini aytgan.

 

 

Aniqlangan kamchiliklarga asosan, maktab direktoriga ta’sir chorasi qo‘llanilgan va o‘zboshimchalik bilan ish tutgan o‘qituvchi ishdan chetlatilgan.

 

 

Ammo videoda aynan testlarning javobi sotilayotganiga oid biror soʻz aytilmagan. Oʻqituvchi 6 varaqning narxi 5 ming soʻmligini bildirgan.

“Yoʻq, men “kserokopiyachi”ga eltib beraman, meniki emas, taxlab qoʻyibdi, shahar markazi atrofidan sotvolib olib ketyapti, men ham sotib oldim. Toʻgʻrisini aytaman, nima keragi bor? Men “qaytarib pulini olib kelib beraman sota olmasam” dedim, mayli deyishdi”, – degan u.

 

Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida video muallifi bilan bogʻlangan. Ta’kidlanishicha, holat 28-may kuni ona tili va adabiyot fanidan oʻtgan imtihonda boʻlgan. “Shunda oʻqituvchi imtihon javoblarini oʻquvchilarga sotdi”, – degan u.

 

 

Qashqadaryo viloyati boshqarmasi 9-iyun kuni oʻrganishlar boshlanganini maʼlum qilgan.

‘‘Mazkur holat yuzasidan boshqarma tomonidan oʼrnatilgan tartib asosida oʼrganilmoqda. Oʼrganishlar yakuni yuzasidan rasmiy munosabat beriladi’’, — deyilgan rasmiy munosabatda.