O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan O’zbekiston va Rossiyaning Novosibirsk viloyatidagi yirik turkompaniyalar hamda sayyohlik agentliklari vakillari o’rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Unda Novosibirsk viloyati Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, «Mintaqaviy rivojlanish markazi» davlat muassasasi, Novosibirsk sayyohlik tashkilotlari assotsiatsiyasi rahbariyati, hududdagi «Olga grand tour», «Central travel bureau» kabi turoperatorlar vakillari qatnashgan. Shuningdek, O’zbekistondan Turizm qo’mitasi mas’ul xodimlari va «Another travel», «Aspantur», «Xorazm tour and travels», «Central Asia Travel» sayyohlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etgan.
Tadbirda “Ipak yo‘li” Xalqaro turizm va madaniy meros universiteti tomonidan rossiyalik talabalar uchun jahon turizm industriyasini chuqurroq o‘rganishga mo‘ljallangan 4 ta grant ajratilishi e’lon qilingan. Bu ta’limiy tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni ilmiy va amaliy jihatdan mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari va talabalar uchun infoturlar, o‘quv-amaliy dasturlar tashkil etishni taklif qilgan.
Bundan tashqari, O’zbekistonda taklif etilayotgan va maktab o’quvchilari va pensionerlar uchun ishlab chiqarish, o’quv va tijorat, infoturlar kabi rivojlanayotgan turizm yo’nalishlariga qiziqish bildirgan.
