Qayerga qaramay “olimpiada” oʻtkazilayotganga oʻxshaydi — Umid Rahmonov

Qayerga qaramay “olimpiada” oʻtkazilayotganga oʻxshaydi — Umid Rahmonov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-346-sonli qarori bilan 2025-yil 1-yanvardan boshlab, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi tashkil etilishi belgilangandi.

 

Yangi tashkil etilgan markazga Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining tegishli buyrug’i bilan Toʻraboy Shermatov direktor etib tayinlandi.

 

U tayinlovga qadar Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining Taʼlim sifatini baholash va monitoring qilish boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan.

 

Fan olimpiadalari markazi tashkil etilishidan avval olimpiadalarni tashkil etish hamda iqtidorli yoshlarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlash ishlari bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Fan olimpiadalarini o‘tkazish va iqtidorli o‘quvchilarni saralash departamenti shug‘ullangan. 

 

Ushbu departamentga esa 2019-yildan buyon vazirlikda ishlab kelayotgan Raxmonov Umid Olimovich rahbarlik qilib kelgan.

 

Umid Rahmonov o’quvchilar o’rtasida o’tkazilayotgan turli xalqaro fan olimpiadalariga nisbatan fikr bildirdi. Rahmonov olimpiadalarning qadri tushishidan va mazmun mohiyati hamda maqsadlarining o’zgarishidan ehtiyot bo’lishni tavsiya qilib o’tgan.

 

 

«Qayerga qaramay “olimpiada” o’tkazilayotganga o’xshaydi. Olimpiadalarning qadri tushishidan va mazmun mohiyati hamda maqsadlarining o’zgarishidan ehtiyot bo’lishimiz kerak.
Ko’pchilik “o’zi g’olib bo’ladigan maydon” qidirayotgandek tuyuladi, yani’ mahalliy olimpiadalarda ko’rinishmaydi, lekin “ABC”davlatda tashkil qilinadigan “GBJ” nomli olimpiadada pulini to’lab, yo’l kirani ko’tarib qatnashadi va bir quchoq medallar bilan kelishadi. Bunga e’tiroz yo’q, albatta barchaning xohishi va istagi turlicha.
Bu bolalar uchun kichik bir tajriba bo’lishi mumkin, lekin bularni tashkil qilib, ustida turayotganlar “haligi yosh chempion qorako’zlardan” shunchaki PR uchun foydalanayotgani achinarli, bunga ergashib ko’pgina odamlarimiz noto’g’ri maslahatlar va tavsiyalar olayotgani yomon.
Olimpiadaning nufuzi unda suv va konfet, futbolka va kepka berilishi bilan emas, taqdim qilinayotgan topshiriqlarning saviyasi va go’zalligi, baholanishning adolatli va shaffof tashkil qilinishi bilan belgilanishini unutish kerakmas.
Ha yana bir narsa, olimpiadaning qandaydir professor nomi bog’lanishi yoki qandaydir xorijdagi universitetda o’tkaziladi deyilishi ham tahlil talab qiladi. Dunyoda Cambridj, Garvard, Yel va boshqa ko’pgina universiterlarning kichik bir kampuslarini ijaraga olib tijorat maqsadida yo’lga qo’yilgan loyihalar talaygina.
So’nggi oylarda shaxsiy xabarda ko’plab shu ma’nodagi savollar va jumboqlar yuborilgani uchun, farzandlarini shu yo’lda tarbiya qilayotgan, o’qitayotgan ota-onalar va ustozlar uchun kichik bir maslahat tariqasida yozdim, xolos! Barchangizga omad tilayman!»,- deydi Umid Rahmonov.

 

 

Eslatma! 2021/2022-o‘quv yilida nufuzli xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda o‘quvchilar jami 45 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2022/2023-o‘quv yilida 69 ta, 2023/2024-o‘quv yilida esa 128 ta medalni qo‘lga kiritishgan.

 

Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi xodimi, pedagog Isroil Tillaboyev Rahmonovning fikriga qo’shimcha qilib, dunyoda eng nufuzli 5 ta fan olimpiadasi bo’lib, ularda ishtirok etishning o’zi qiyin ekanligini ta’kidlab o’tgan.

 

«Biron biznesmenning oson-oson savollar qo‘yib, daromad topish maqsadida o‘tkazayotgan «olimpiadalari»da «oltin» medal olib kelgan o‘quvchisi yoki farzandini «davlat eʼtibor bermayapti» deb jar soladiganlarga diplomatik tushuntirish bo‘libdi.

Dunyoda eng nufuzli 5 ta fan olimpiadasi bor, ularda yutish tugul qatnashish ham qiyin. Ushbu olimpiadalarda g’olib bo’lgan o’quvchiga davlat 800 mlndan ko‘proq pul beradi. Ulardan oltin olish o‘ta qiyin. Masalan, IMO (Xalqaro matematika olimpiada)dan hali O‘zbekiston oltin medal olmagan», – deydi Isroil Tillaboyev