Davlat boshqaruv akademiyasida magistratura tiklandi

Davlat boshqaruv akademiyasida magistratura tiklandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko’ra, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Hokimlar maktabi”, “Rahbar ayollar maktabi”, “Kelajak liderlari” kabi kurslarda ilgʻor taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan oʻquv yilida 13 mingdan ziyod tinglovchilarning malakasi oshirilgan.

 

Yangi tizimga asosan, endi davlat xizmatchilari uchun 3 ta dastur – malaka oshirish, qayta tayyorlash va magistratura yoʻlga qoʻyiladi.

 

Barcha uzoq va oʻrta muddatli oʻquvlar xorijiy hamkorlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari asosida tashkil etiladi.

 

Magistraturada “Davlat boshqaruvi”, “Davlat siyosati”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” yoʻnalishlarida 18 oygacha muddatda chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Davlat buyurtmasidan tashqari toʻlov-kontrakt shaklida ham talabgorlar qabul qilinadi.

 

Akademiyada taʼlim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalar berish, nufuzli xorijiy ilmiy-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish uchun Xalqaro akademik maslahat kengashi tuziladi.

 

Shuningdek, akademiya huzurida 4 ta yangi markaz tashkil etilmoqda. Misol uchun, Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi davlat xizmati samaradorligini oshirish, xususiy sektordagi ilgʻor amaliyotlarni davlat boshqaruvida joriy qilishga qaratilgan tavsiyalar berib boradi.