Nufuzli “Scopus” tarmogʻiga kiruvchi “Higher Education Policy” jurnalida Oʻzbekistonda doktorantura bosqichiga doir maqola chop etildi. Tadqiqotchilar xulosasiga koʻra, Oʻzbekistonda doktorantura bosqichi hanuzgacha ustoz-shogird tizimiga asoslangan boʻlib, bu yondashuv xalqaro standartlarga mos kelmaydi.
Bu tizim doktorantlarga zamonaviy ilmiy tadqiqot metodlari, tahlil qilish koʻnikmalari va xalqaro ilmiy nashrlarga kirish imkoniyatlarini yetarli darajada taqdim eta olmaydi.
Shuningdek, ilmiy rahbarlar zamonaviy tadqiqot usullari boʻyicha yetarli bilimga ega emas, shuningdek, oʻz sohasidagi soʻnggi ilmiy yutuqlardan xabardor emas. Til toʻsiqlari ularning nufuzli xalqaro jurnallarda chop etish imkoniyatini cheklaydi.
Tadqiqotchilar ushbu muammoning faqat doktorlik darajasiga oid emasligini, balki bakalavriat va magistratura darajasida ham ilmiy tadqiqot va tanqidiy fikrlashga eʼtibor yetishmayotganini taʼkidlamoqda.
Sovet davridan qolgan kasbiy yoʻnaltirilgan bakalavriat va magistratura dasturlari tanqidiy fikrlash va ilmiy izlanish qobiliyatlarini rivojlantirishga yetarlicha eʼtibor bermaydi, bu esa taʼlim islohotlarining samaradorligini pasaytiradi.
Oʻzbekiston doktorantura bosqichi: ikki bosqichli tizim saqlanib qolmoqda
Gʻarb davlatlarida doktorantura bosqichi odatda yagona bosqichli boʻlib, PhD yoki unga ekvivalent darajani olishni nazarda tutadi.
Biroq, Oʻzbekistonda hanuzgacha Sovet modelidan qolgan ikki bosqichli tizim amal qilmoqda:
– PhD (fan doktori)
– DSc (katta ilmiy daraja)
2012-yilda Oʻzbekiston yagona bosqichli tizimga oʻtishni rejalashtirgan edi, ammo 2017-yilda bu qaror bekor qilinib, yana ikki bosqichli tizimga qaytildi.
Bugungi kunda Gʻarb davlatlarining aksariyati yagona bosqichli modelga amal qiladi, hattoki Germaniyada ham habilitatsiya (DSc ekvivalenti) ahamiyati pasayib bormoqda. Biroq, bu ikki bosqichli model sobiq kommunistik davlatlarda hanuzgacha keng tarqalgan.
Doktorlik darajalarini berish jarayoni: Gʻarb va Oʻzbekiston modeli qanday farq qiladi?
Gʻarb modeli doktorlik darajalarini berishning desentralizatsiyalashgan tizimiga asoslangan. Yaʼni, davlat faqat huquqiy doiralarni belgilaydi, ammo har bir universitet oʻz qoidalariga muvofiq PhD darajasini beradi.
Bunda:
– Nomzod doktorlik darajasini olish uchun mustaqil tadqiqot asosida original ilmiy yutuq namoyish qilishi kerak.
– Himoya jarayoni universitet akademik qoʻmitasi tomonidan baholanadi.
– Dissertatsiya yopiq yoki ochiq himoya shaklida boʻlishi mumkin.
– Dissertatsiyani himoya qilishdan oldin ilmiy maqolalar chop etish shart emas, ammo maqola chop etish tavsiya etiladi.
«Oʻzbekiston modeli esa markazlashgan tartibga asoslangan boʻlib, doktorlik darajalarini berish boʻyicha asosiy organ Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) hisoblanadi.
Bunda:
– Doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish uchun faqat dissertatsiya emas, balki xalqaro jurnallarda maqolalar ham chop etilishi shart.
– Davlat tomonidan qatʼiy qoidalar belgilangan boʻlib, himoya jarayoni ustidan qattiq nazorat oʻrnatilgan,» – deyiladi tadqiqotda.
Ilmiy islohotlar uchun qanday chora-tadbirlar zarur?
Tadqiqotchilar Oʻzbekiston doktorantura bosqichini xalqaro standartlarga moslashtirish uchun quyidagi chora-tadbirlarni tavsiya qilmoqda:
– Ilmiy rahbarlarni zamonaviy tadqiqot metodlari boʻyicha tayyorlash.
– Bakalavriat va magistratura dasturlarida ilmiy tadqiqot va tanqidiy fikrlashni kuchaytirish.
– Doktorlik darajalarini berish jarayonini Gʻarb tajribasiga moslashtirish va byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish.
– Xalqaro ilmiy jurnallarda chop etish majburiyatini takomillashtirish va ilmiy sifatni oshirish.
