Respublika oliy ta’lim kengashi majlisining bayoni, xususan, oliy taʼlim tizimidagi rahbar hamda professor-oʻqituvchilarning bir kunlik ish haqini “Yashil makon” umummilliy loyihasiga yoʻnaltirish tashabbusi hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan moliya yili yakunida toʻlov-kontrakt shaklida mablagʻ qoldigʻining 4 foiz qismini Respublika oliy taʼlim kengashiga yoʻnaltirishi haqidagi xabarlar keng jamoatchilik muhokamasiga sababchi bo’lgan edi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Respublika oliy ta’lim kengashi majlisining bayoni bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko’ra, Respublika oliy ta’lim kengashi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyat yuritib, davlat funksiyalarini amalga oshirmaydi va qarorlari majburiy kuchga ega emas. U o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga amal qiladi hamda faqat tavsiyaviy xarakterga ega takliflar ishlab chiqadi.
«Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarni nodavlat notijorat tashkilotning ichki ishi sifatida baholaydi.
Shuningdek, vazirlik har qanday moliyaviy harakatlar yoki manfaatlar poymol etilishi holatlari bo‘yicha murojaatlar qabul qilishga va ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqishga tayyorligini bildiradi. Barcha murojaatlar asosida tegishli choralar ko‘rilib, qonuniy manfaatlar himoya qilinishi ta’minlanadi», – deyiladi vazirlik matbuot xizmatining xabarida.
