2026/2027-o‘quv yilidan oliy ta’lim tashkilotlarida kichik gidroenergetika yo‘nalishi bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash dual ta’lim asosida yo‘lga qo‘yiladi. Talabalar nazariy bilim bilan birga soha korxonalarida amaliy ko‘nikmalarni ham egallaydi.
Prezidentning “Mamlakatda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishning navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2026-yil 19-avgustdagi PQ-298-son qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan oliy ta’lim tashkilotlarida kichik quvvatli yashil energiya yo‘nalishlari, jumladan, kichik gidroenergetika bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash dual ta’lim tizimi asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Talabalarni nazariy bilim bilan birga amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlash maqsadida energetika tizimidagi korxonalar, jumladan, kichik gidroenergetika obyektlari talabalar amaliyoti uchun baza sifatida belgilanadi.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Energetika vazirligi hamkorligida soha bo‘yicha ilmiy-amaliy seminarlar, forumlar va hududiy targ‘ibot tadbirlari muntazam tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq texnikumlarda dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarga ham stipendiya to‘lanishi haqida xabar berilgan edi.
