Endi texnikumlarda dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarga ham stipendiya to‘lanadi

Endi texnikumlarda dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarga ham stipendiya to‘lanadi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat texnikumlarida dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash tizimi joriy etiladi. Har bir dual ta’lim o‘quvchisiga o‘zlashtirishidan qat’i nazar BHMning bir baravari, 85 foizdan yuqori va kasblar bo‘yicha respublika va xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilarga esa uch baravari miqdorida stipendiya beriladi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 341-sonli ‘‘Texnikumlarda dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida’’gi qarori qabul qilindi.

 

Unga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan davlat texnikumlarida dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

 

Bunda har bir dual ta’lim o‘quvchisiga fanlarni o‘zlashtirish natijalaridan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi.

 

Shuningdek, avvalgi o‘quv semestri natijalariga ko‘ra fanlardan baholari 5 (a’lo) va 4 (yaxshi) bo‘lib, o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 85 foizdan yuqori bo‘lgan o‘quvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi.

 

Kasblar bo‘yicha respublika va xorijiy tanlovlar g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilarga ham bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida stipendiya beriladi.

 

Qarorga ko‘ra, stipendiyalarni tayinlash va to‘lash uchun maxsus elektron platforma ishga tushiriladi. Unda o‘quvchilarning davomati, ishlab chiqarish amaliyotidagi natijalari hamda korxonalar tomonidan berilgan baholar elektron tarzda yuritiladi.

 

Texnikumlar tomonidan stipendiya to‘lovlari o‘quvchilarga har oyning 15-sanasiga qadar maxsus axborot tizimlari orqali to‘lab beriladi.

 

Quyidagi hollarda dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash to‘xtatiladi:

 

  • ishlab chiqarish amaliyoti vazifalari, amaliyot rejasi yoki ish topshiriqlari bajarilmasa, shuningdek amaliyot kundaligi o‘z vaqtida yuritilmasa;
  • korxona (tashkilot)ning ichki mehnat tartibi qoidalari buzilganda;
  • sog‘lig‘i sababli (tibbiy komissiya xulosasi asosida) akademik ta’til rasmiylashtirilganda;
  • doimiy yashash uchun boshqa davlatga ko‘chib ketilganda;
  • sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilganda;
  • uzrsiz sabablarga ko‘ra 74 soatdan ortiq dars qoldirilganda;
  • o‘qish dual ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga ko‘chirilganda;
  • o‘quvchi o‘qishdan chetlashtirilganda;
  • o‘quvchi yoki korxona tashabbusi bilan dual ta’lim bo‘yicha tuzilgan shartnoma bekor qilinganda;
  • o‘quvchi vafot etganda.

 

Shuningdek, korxona (tashkilot) o‘quvchining kasbiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish darajasi va intizomini qoniqarsiz deb baholasa, stipendiyani to‘xtatish bo‘yicha texnikumga so‘rov yuboradi.

 

Ushbu so‘rov asosida texnikum direktori uch kun ichida stipendiya to‘lashni to‘xtatish haqida buyruq chiqaradi.