Prezident qaroriga asosan, joriy yil 1-sentyabrdan boshlab muddatli harbiy xizmatni oʻtash davrida oliy ta’limda oʻqishning birinchi yili uchun taʼlim krediti ajratiladi.
Prezidentning 2026-yil 7-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash nufuzi va jozibadorligini oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 134-son qaroriga ko‘ra, ayrim askarlarga ta’lim krediti beriladi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida oliy ta’lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan askarlarga o‘qishning birinchi yili uchun ta’lim krediti ajratiladi. Kredit Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi.
Muddatli harbiy xizmatni tamomlagandan soʻng bir yil mobaynida tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan yoshlarga tadbirkorlikni boshlash uchun tijorat banklarining milliy valyutada Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan oshmagan stavkada ajratiladigan kreditlarining 5 mlrd soʻmgacha qismi boʻyicha foiz xarajatlarining asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori qismi, biroq 6 foizdan oshmagan miqdorda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Bunda ushbu kompensatsiya kichik tadbirkorlik subyektlariga barqarorlik reytingi va hudud toifasidan qatʼi nazar, uch yil muddatga “2+1” tamoyili asosida dastlabki ikki yilga taqdim etiladi, tovar (ish, xizmat)larni realizatsiya qilishdan tushgan yillik tushum avvalgi yilning mos davriga nisbatan 15 foiz va undan ortiq miqdordan oshgan taqdirda, uchinchi yil davomida har oyda toʻlab boriladi.
