Endi ayrim harbiy-sport musobaqalari g‘oliblariga OTMga kirishda qo‘shimcha ball beriladi

Endi ayrim harbiy-sport musobaqalari g‘oliblariga OTMga kirishda qo‘shimcha ball beriladi

“Vatan tayanchi” otryadi a’zolari hamda ayrim harbiy-vatanparvarlik musobaqalari g‘oliblariga OTMga kirishda 5 foiz miqdorida qo‘shimcha ball berilishi belgilandi.

 

Adliya vazirligi tomonidan “Vatan tayanchi” otryadining aʼzosiga, “Vatanparvarlar” va “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichi gʻoliblariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berish toʻgʻrisidagi idoraviy hujjatni davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

 

Unga ko‘ra, tavsiyanoma quyidagi shaxslarga beriladi:

 

  • “Vatan tayanchi” harakatida faol ishtirok etgan hamda davlat va nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, Prezident maktablari, ijod maktablari, sport maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlar, akademik litseylar va texnikumlarni aʼlo baholar bilan tamomlagan “Vatan tayanchi” otryadining 1 nafar aʼzosiga;
  • “Jasorat maktabi”ni aʼlo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining 1 nafar aʼzosiga;
  • “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan jamoa aʼzolariga;
  • mahalla yoshlari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Shijoat va gʻayrat” musobaqalarining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan jamoa aʼzolariga.

 

Tavsiyanomalar Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tomonidan beriladi.

 

Tavsiyanomaga ega bo‘lganlarga oliy harbiy (harbiylashtirilgan) ta’lim muassasalari hamda yuridik ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyoz beriladi.

 

Bunda test sinovlari yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi. Mazkur tavsiyanoma 3 yil davomida amal qiladi.