Xitoyda imtihondan oʻta olmagan talaba odamlarni pichoqladi

Xitoyda imtihondan oʻta olmagan talaba odamlarni pichoqladi

2024-yil 16-noyabr kuni Sharqiy Xitoyda sodir bo‘lgan pichoqlash natijasida sakkiz kishi halok bo‘lgan va 17 kishi jarohat olgan, deb xabar berdi CNN mahalliy politsiya bayonotiga tayanib.

 

 

Hujum soat 18:30 atrofida Jiangsu provinsiyasining Isin shahrida joylashgan Wuxi san’at va texnologiya kasb-hunar instituti hududida sodir bo‘lgan, — deyiladi politsiya bayonotida.

 

 

Shuningdek, voqea joyida bir nechta odamning yerda harakatsiz yotgani, ba’zilarining atrofida tomoshabinlar to‘plangan holda qichqiriqlar eshitilgan.

 

 

Politsiyaning xabar berishicha, voqea joyida qo‘lga olingan gumonlanuvchi yaqinda ushbu institutni tamomlagan bitiruvchi bo‘lib, «imtihondan o‘tolmaslik, diplomni ololmaslik va amaliyot uchun berilgan maoshdan norozi bo‘lgani» sababli ushbu jinoyatga qo‘l urgan. Hozirda tergov ishlari davom etmoqda.

 

 

CNN ta’kidlashiga ko’ra, bunday holat Xitoyda sodir bo‘lgan oxirgi ommaviy halokatli voqealardan biri bo‘lgan. 1,4 milliard aholiga ega bo‘lgan mamlakatda zo‘ravonlik jinoyatlari dunyodagi eng past darajada bo‘lib, bu qattiq qurol nazorati va kuchli ommaviy kuzatuv tizimi tufayli ta’minlangan.

 

 

Shu sababdan, hujum haqidagi xabar tarqalgach, axborotni nazorat qiluvchi idora vakillari ushbu voqea aks etgan videolarni o‘chirib tashlagan. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni nazorat qila boshlagan.

 

 

Ma’lumot uchun, oktyabr oyida Pekindagi boshlang‘ich maktab yaqinida 50 yoshli erkak uch bola va yana ikki kishini jarohatlagan edi. Uni jinoyat vaqtida qo‘lga olingan. Sentyabr oyida Shanxaydagi shahar atrofi supermarketida pichoqlash hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘lib, yana 15 kishi jarohat olgan edi.

 

 

Bundan tashqari, sentyabr oyida Shandong provinsiyasining Tai’an shahrida maktab oldida o‘quvchilar va ota-onalar ustiga avtobus urilishi natijasida 11 kishi halok bo‘lib, yana 13 kishi jarohatlangan. Xitoy rasmiylari ushbu hodisa tasodifiymi yoki ataylab sodir etilganmi, bu haqida ma’lumot bermagan.