26-noyabrdan boshlab poytaxtdagi 138, 11 va 77-sonli avtobus yo‘nalishlarining harakat sxemasi o‘zgardi. Ayrim avtobuslarning yo‘nalishi uzaytirilgan bo‘lsa, boshqalari yangi ko‘chalar orqali harakatlanadi.
Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma’lum qilishicha, 2026-yil 26-noyabrdan boshlab uchta avtobus yo‘nalishi harakatiga o‘zgartirish kiritildi.
Jumladan:
138-sonli avtobus: to‘g‘ri yo‘nalishdagi harakati bir tomonlama tartibda o‘zgartirildi. Endilikda avtobus Shifokorlar ko‘chasidan Sog‘lom avlod ko‘chasiga kirmasdan, Shifokorlar va Forobiy ko‘chalari orqali harakatlanadi.
11-sonli avtobus: yo‘nalish ‘‘Beltepa mavzesi’’ oxirgi bekatidan Beltepa ko‘chasi orqali ‘‘Ibn Sino 1-mavzesi’’ bekatigacha uzaytirildi.
77-sonli avtobus: ‘‘Chilonzor mavzesi 25-daha — Mahalliy havo yo‘llari Aeroporti-3’’ yo‘nalishining harakat sxemasi o‘zgartirildi. Aeroport-3 bekatidan avtobus aylanma ko‘cha orqali Xonobodtepa shoh ko‘chasiga, undan Qumariq ko‘chasiga (ko‘prikka yetmasdan) va qo‘shimcha ko‘cha orqali ‘‘Xalqaro havo yo‘llari Aeroport-2’’ bekatiga harakatlanib, avvalgi yo‘nalishi bo‘yicha davom etadi.
Yo‘lovchilardan safarlarini rejalashtirishda ushbu o‘zgarishlarni inobatga olish so‘ralgan.
