Sirdaryo viloyatida texnikum o‘qituvchisi noqonuniy ishdan bo‘shatilgani yuzasidan sudga murojaat qildi. Sud ish beruvchi mehnat qonunchiligi talablarini buzganini aniqlab, pedagogni lavozimiga tiklash va unga 11 million so‘m ish haqi undirish haqida qaror chiqardi.
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani 1-son texnikumida faoliyat yuritgan ingliz tili o‘qituvchisi uni asossiz ishdan bo‘shatishganini va ish beruvchining buyruqlari qonunga zid ekanini aytib, sudga murojaat qildi. O‘qituvchi o‘z da’vosida uni faoliyatga qayta tiklashni so‘ragan.
Sudda qatnashgan ish beruvchining vakili bu holatgacha kelishda o‘qituvchining mehnat intizomini muntazam buzganini asos qilib ko‘rsatgan.
Pedagog “Bu Kun” dasturi muxbiri bilan suhbatda texnikum rahbariyati ataylab o‘quvchilarga darsda o‘qituvchini provokatsiya qilishga tayyorlagani haqida gapirdi.
“Darsimga kiradigan har bir guruhdan o‘quvchilarni tayyorlab, “sen videoga olasan”, “sen asabini buzasan” deb o‘rgatishgan. Menga tuhmatlar qilib, asossiz meni ishdan bo‘shatishdi”, — dedi o‘qituvchi.
Qayd etilishicha, o‘qituvchiga intizomiy jazo qo‘llashdan avval yozma tushuntirish xati olinmagan, “hayfsan berish” haqidagi buyruqni rasmiylashtirish va xodimni u bilan tanishtirishda ham qonun talablariga rioya etilmagan.
Sud majlisida esa, texnikum rahbariyati ushbu o‘qituvchiga nisbatan o‘quvchilar va ularning ota-onalari tomonidan shikoyatlar tushganini, dars jarayoni va mehnat intizomi bilan bog‘liq kamchiliklar mavjud bo‘lganini bildirib, mazkur da’voni rad etilishini so‘ragan.
Sud ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligining ayrim talablarini buzgan deb topdi va xodimni avvalgi mehnat lavozimiga ishga tiklash haqida qaror qabul qilishni lozim topdi.
Bundan tashqari, xodimga majburiy progul davri uchun 11 million so‘m miqdorida ish haqlari undirish belgilangan.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, pedagog ingliz tili o‘qituvchisi lavomiga qaytgan va unga kompensatsiya puli to‘lab berilgan.
Avvalroq, Fargʻonadagi maktab direktori sud qarori bilan lavozimiga qayta tiklangani haqida xabar bergan edik.
